O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov va Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi (QXRXJ) prezidenti J.Ungbo «Qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish» loyihasining 2-bosqichi doirasida 47 million AQSh dollari miqdorida moliyalashtirish to‘g‘risidagi Bitimni videokonferensaloqa shaklida imzoladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.

Bitim shartlariga muvofiq, QXRXJ 46,2 million dollar miqdoridagi uzoq muddatli imtiyozli qarz mablag‘larini, shuningdek, 800 ming dollar miqdoridagi grant mablag‘larini ajratadi.
Loyiha Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari hududlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. U quyidagi qator tarkibiy qismlardan iborat:
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasining salohiyatini oshirish, O‘zbekiston ishbilarmon ayollari assotsiatsiyasi, Baliqchilik uyushmasi, Chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda qishloq xo‘jaligi sohasida zamonaviy xalqaro sifat va xavfsizlik standartlarini joriy etish uchun agrosanoat korxonalari va fermerlarning kredit majburiyatlarini kafolatlash bo‘yicha imkoniyatlarini kengaytirish uchun Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasini moliyalashtirish;
kredit mahsulotlaridan foydalanishni kengaytirish hisobiga qishloq joylarda yoshlar va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash;
qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, ekin maydonlarining hosildorligini va suv resurslarini boshqarish samaradorligini oshirish maqsadida sug‘orish tizimlari, meteorologik stansiyalar va boshqa infratuzilma obektlarini zamonaviylashtirish.
Shuningdek, loyihada zamonaviy issiqxonalar, intensiv bog‘lar barpo etish, ekologik toza va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarishni mexanizatsiyalashtirish darajasini oshirish, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida qayta ishlash quvvatlari va omborxonalar sig‘imini ko‘paytirish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, loyiha doirasida qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanishning zamonaviy usullarini joriy etish, shuningdek, qishloq joylarda qo‘shimcha yuqori haq to‘lanadigan ish o‘rinlarini yaratish natijasida mehnat unumdorligi va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini oshirish hisobiga loyiha hududning 375 mingdan ortiq aholisi daromadlarining o‘sishiga ijobiy ta'sir ko‘rsatishi kutilmoqda.
















