O‘zini o‘zi band qilganlarni soliq organlarida ro‘yxatga olish tartibi ma'lum bo‘ldi
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.
Vazirlar Mahkamasining “O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar to‘g‘risida ma'lumotlar bazasi (registr) mehnat organlari tomonidan yaratiladi va parallel ravishda YaMMTda shakllantiriladigan jismoniy shaxsning shaxsiy ishga joylashishi tarixiga integratsiya qilinadi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar o‘z faoliyatida yollanma xodimlar mehnatidan foydalanishga hamda tadbirkorlik sub'yektlariga yollangan xodim sifatida mehnat faoliyatini amalga oshirishga haqli emas.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan mehnat faoliyati doimiy yashash manzilida yoki ishlar (xizmatlar) buyurtmachilariga tegishli joylarda amalga oshiriladi (dehqon bozorlaridagi savdo rastalari va pavilonlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarori bilan ajratilgan maxsus joylar bundan mustasno).
Tashkilotlar tomonidan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni shartnoma asosida bir martalik xizmatlar ko‘rsatish va ishlarni bajarish bo‘yicha faoliyatga jalb qilishga yo‘l qo‘yiladi. Bunda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar mehnatiga haq to‘lash ijtimoiy soliqni hisoblab chiqish obekti hisoblanmaydi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan fuqaro Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga ishsizga to‘lanadigan ishsizlik bo‘yicha nafaqani hamda kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish davrida stipendiyani ololmaydi.
O‘zini o‘zi band qilish tartibida mehnat faoliyatini amalga oshirish natijasida olingan daromadlarga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tatbiq etilmaydi. Bunda, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyatidan tashqari olingan daromadlari Soliq kodeksida belgilangan tartibda soliqqa tortiladi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxs maxsus mobil ilova yoki soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali ro‘yxatdan o‘tadi.
Bunda, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs tomonidan maxsus mobil ilova yoki shaxsiy kabinet orqali so‘rovnoma to‘ldiriladi.
So‘rovnomada quyidagi ma'lumotlar ko‘rsatiladi:
- o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JShShIR), ro‘yxatdan o‘tkazish elektron raqamli imzo orqali amalga oshirilgan holatlar bundan mustasno;
- Nizomga ilovaga muvofiq amalga oshiriladigan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari;
- o‘zini o‘zi band qilish tartibida mehnat faoliyatini yuritishning mo‘ljallanayotgan manzili;
- o‘zini o‘zi band qilgan shaxsning mobil telefon raqami va u bilan bog‘lanish mumkin bo‘lgan boshqa ma'lumotlar.
So‘rovnomada o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, pasport seriyasi va raqami, yashash manzili to‘g‘risidagi ma'lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi hamda Ichki ishlar vazirligining ma'lumotlar bazasida mavjud ma'lumotlar asosida avtomatik tarzda shakllanadi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar doimiy yashash joyidan qat'i nazar ular mehnat faoliyatini amalga oshiradigan hudud bo‘yicha davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yiladi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxsga maxsus mobil ilova yoki shaxsiy kabinet orqali uning davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yilganligi to‘g‘risida matritsali shtrix kodga (QR-kod) ega bo‘lgan ma'lumotnoma yuboriladi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga ma'lumotnoma cheklanmagan muddatga beriladi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tkazishda haq undirilmaydi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan ijtimoiy soliq qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va miqdorlarda to‘lanadi.
Ushbu summa to‘liqligicha budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga yo‘naltiriladi va undan kelib chiqqan holda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun o‘rnatilgan tartibda pensiya hisoblash uchun daromad hajmi aniqlanadi.
Agar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs o‘z mehnat faoliyatini muayyan muddatga to‘xtatsa, u o‘z faoliyatini to‘xtatguniga qadar davlat soliq xizmati organiga faoliyatni vaqtinchalik to‘xtatish to‘g‘risidagi bildirishnomani maxsus mobil ilova yoki shaxsiy kabinet orqali yuboradi.
Soliq organlari tomonidan olingan o‘zini o‘zi band qilgan shaxsning faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilganligi to‘g‘risidagi bildirishnoma o‘zini o‘zi band qilgan shaxs mehnat faoliyatini amalga oshirmaydigan davrda ijtimoiy soliqni to‘lashni to‘xtatib turish uchun asos bo‘ladi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar maxsus mobil ilova orqali quyidagi imkoniyatlardan foydalanishi mumkin:
- buyurtmalarni va ko‘rsatilgan xizmatlar (tovarlar) uchun to‘lovlarni qabul qilish;
- yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatishda (tovarlarni sotishda) elektron hisob-kitob fakturalarni taqdim qilish;
- mobil ilova yordamida ixtiyoriy asosda daromadlar va xarajatlar hisobini yuritish hamda ushbu ma'lumotlardan keyinchalik, shu jumladan kredit olish va (yoki) soliqlarni hisobdan chiqarish maqsadida foydalanish;
- o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning tovarlarini (ishlarini, xizmatlarini) reklama qilish;
- ko‘rsatilayotgan xizmatlar (tovarlar) sifatini baholash va iste'molchilar tomonidan fikr-mulohazalar qoldirish.
Mavzuga oid
10:26
Hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlashning yangi tizimi yo‘lga qo‘yiladi
18:19 / 07.12.2024
Yoshlarga Work & Travel dasturlari xarajatlari uchun ssuda ajratiladi
16:18 / 29.11.2024
O‘zbekiston mehnat bozorida talab eng yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar aniqlandi
07:50 / 02.11.2024