Ammo bu yumshatish aytaylik, may oyidagi holat bilan farq qiladi. Chetdan qaraganda, o‘sha sharoitga kirib borayotgan bo‘lsak-da, kamida aholining pandemiyaga bo‘lgan munosabati o‘zgargan bo‘lishi kerak. Umuman, so‘nggi to‘rt oyda xalqimiz koronavirusga nisbatan to‘rt xil pozitsiyaga ega bo‘ldi.

  1. Aprel: Vahima.
  2. May — iyun: Nopisandlik.
  3. Iyul: Qo‘rquv.
  4. Avgust: Ko‘nikma.

Mana shu bosqichlarning har birini tabiiy ravishda bosib o‘tgan davlat ham, xalq ham, bugungi sharoit va jarayonlarga eng ratsional qarashni namoyish qilishi kerak bo‘ladi.

Aytaylik, endigi yumshatish bilan may oyidagini solishtirib bo‘lmaydi — hozir xuddiki karantin taqiqlari olib tashlanayotgan bo‘lsa ham, kasallanishlar tingani yo‘q, o‘sha tezlikda, o‘sha nisbatda davom etyapti. Xo‘sh, u holda yumshatish nima uchun kerak bo‘lib qoldi?

Bir tomondan qaraganda, karantin qoidalarining yumshatilishi odamlarni saqlab qolish bilan iqtisodiyotni saqlab qolish o‘rtasidagi ikki yechimdan birini tanlashga o‘xshasa-da, aslida unday emas. Kasallik ko‘p bo‘lib tursa ham, karantindan qisman voz kechish insonlarning hayotini iqtisodiyot uchun qurbon qilish, degan ma'noni bermasligi kerak.

Chunki karantin iqtisodiyotni o‘ldiradi, degan xulosa qisqa vaqtdagi yechimlar uchun to‘g‘ri, xolos.

Masalan, yuz yil oldin Ispaniyada tarqalgan o‘lat davrida ba'zi davlatlar qat'iy karantinga kirib, ba'zilari iqtisodiyotni saqlab qolish umidida bunga e'tibor qaratmagan. O‘sha palla o‘tib, bir necha yillik istiqbolda qaralganda esa, aksincha, karantinga amal qilgan davlatlarda iqtisodiy o‘sish ko‘proq kuzatilgan. Sababi — karantin yordamida sog‘liqni saqlash tizimini barqarorlashtirib olgan mamlakatlar asta-sekinlik bilan eski hayot tarziga qaytish oqibatida, iqtisodiyotda keskin o‘sish kuzatila boshlangan.

Aksincha, virusga e'tibor qaratmay, hayot tarzini o‘zgartirmagan davlatlarda kasallik badtar avj olib, sog‘liqni saqlash tizimi izdan chiqqan, kasallar va o‘limlar keskin oshib ketganidan iqtisodiyotni tiklash imkoni bo‘lmay qolgan.

Ha, karantinda o‘tirgan odam kamroq pul sarflaydi, choyxonaga bormaydi, bozor qilishni keyinga suradi, to‘y qilmaydi va shu orqali iqtisodiyotdagi tovar aylanmasiga hissa qo‘shmaydi. Ammo agar iqtisodiyotni ustun ko‘rib, barchasiga ruxsat berib yuborilib, kasallik, vahima, o‘lim kuchayib ketsa, odamlar tabiiy ravishda uyga qamalib oladilar, qo‘rqa boshlaydilar. Choyxona, bozor, to‘y ularni qiziqtirmay qo‘yadi. Bunda sog‘liqni saqlash tizimi ham, bu bilan birga iqtisodiyot ham izdan chiqib ketadi.