«Lisenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi.

Adliya vazirligi sharhiga ko‘ra, farmonga asosan 200ga yaqin byurokratik jarayonlar qisqartiriladi.

1. Sohaga ilk marotaba xabardor qilish tartibi alohida institut sifatida joriy etilmoqda.

Xabarnoma yuborishda jismoniy hamda yuridik shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan talab va shartlarga rioya etish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi va ularning faoliyati belgilangan talablarga muvofiq kelishini o‘zlari tasdiqlaydi. Bunda faoliyatni boshlash yoki harakatni amalga oshirish uchun vakolatli organ hujjatlarni ko‘rib chiqib, qaror qabul qilinmaydi.

Farmon bilan 17ta litsenziyalanadigan faoliyat yo‘nalishlari
va 14 turdagi ruxsatnomalar xabardor qilish mexanizmiga o‘tkazilmoqda.

Xususan, maktabdan tashqari ta'lim, chet tillarni o‘rgatish bo‘yicha o‘quv kurslari, lombard, veterinariya davolash, alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish kabi faoliyatlarini vakolatli organlarni xabardor qilish orqali boshlash mumkin bo‘ladi. Ommaviy axborot vositasini ro‘yxatga olish ham endi xabardor qilish tizimiga o‘tadi.

2. Lisenziyalanadigan va ruxsatnoma olish talab etiladigan faoliyat turlari soni sezilarli kamaymoqda

Inson sog‘lig‘iga va jamiyatga ziyon yetkazmaydigan faoliyat turlari litsenziyalashdan chiqarib tashlanadi hamda xavflilik darajasi past bo‘lgan faoliyatlarni tartibga solishning muqobil usullariga o‘tiladi. Bunda «tartibga solish gilotinasi» usulini qo‘llash orqali ayrim turdagi litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilinmoqda.

Farmonga ko‘ra, 70ta litsenziyalanadigan faoliyat yo‘nalishlari va 35ta ruxsatnomani bekor qilish yoki muqobil shakllarga o‘tkazish nazarda tutilmoqda.

Lisenziya va ruxsat berish xarakteridagi hujjatlarni qisqartirish natijasida tadbirkorlik sub'yektlarining yiliga qariyb 40 mlrd so‘m mablag‘lari iqtisod qilinib, o‘z ixtiyorida qoldiriladi.

Mazkur yo‘nalishda auditorlik, baholash, rieltorlik, fonogrammalarni tayyorlash, yuklarni avtomobil transportida shaharda, shahar atrofida va shaharlararo tashish faoliyatiga litsenziyalar bekor qilinmoqda. Shuningdek, xorijiy ishchi kuchlarini jalb qilishga ruxsatnoma va sport inshooti obekti pasportini olish ham bekor qilinmoqda.