9 sentabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tuman sudining sudyasi ​Jahongir Saidov ishni ko‘rishda davom etib, tomonlar muzokara nutqini tingladi.

Davlat ayblovchisi Shahriyor Beknazov dastlabki tergov organi tomonidan sudlanuvchiga nisbatan ayblov Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3 qismi «a» bandida ko‘rsatilgan jinoyat bo‘yicha to‘g‘ri malakalangan, degan xulosa keldi.

Shahriyor Beknazov

«Sudlanuvchining jamoat himoyachisi o‘z nutqlarida asosiy urg‘uni Jinoyat protsessual kodeksining 325-moddasi («jabrlanuvchining shikoyatiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atish») 2-qismiga qaratdi. Ya'ni Jinoyat kodeksining 167, 170, 172, 173-moddalarida nazarda tutilgan va ustav fondida davlat ulushi bo‘lmagan yuridik shaxsga nisbatan uning xodimi tomonidan sodir etilgan jinoyatlar to‘g‘risidagi jinoyat ishlari faqat mazkur yuridik shaxs rahbarining, mulkdorining yoki vakolatli boshqaruv organining arizasiga ko‘ra qo‘zg‘atilishi e'tirof etilgan. 

Agar MChJ xodimi tomonidan jamiyat mulki talon-toroj qilganlik holati aniqlanganda, MChJ rahbariyati tomonidan ariza berilgandagina jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi mumkinligi bildirilgan. Shuning uchun, jamoat himoyachisining e'tirozi mazkur ishga taaluqli emas...

Sudlanuvchi Javohir Zokirjonov o‘ziga nisbatan e'lon qilingan aybga dastlabki tergov va sud majlisida umuman iqror emasligini bildirsa-da, uning aybi o‘zining tushuntirish xati, sud tovarshunoslik ekspertizasining xulosasi, Toshkent viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasining xulosasi, Toshkent viloyati avtomobillar yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi mas'ul mutaxassisi tomonidan tuzilgan dalolatnoma va chizmalari, B.Dadaxo‘jayevning xulosasi hamda guvohlarning so‘roq qilish jarayoni, jinoyat ishida boshqa to‘plangan hujjatlar bilan ham to‘liq isbotini topgan, deb o‘ylayman», –​ deya muzokara nutqini bildirdi u.