Xalq deputatlari Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani kengashining 9 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari sessiyasida Zohidjon Ahmadaliyev tuman hokimi sifatida tanishtirildi.
Sessiyada 2019 yildan buyon tuman hokimi sifatida ishlab kelgan Otabek Rasulov o‘z arizasiga ko‘ra vazifasidan ozod etilgani, uning o‘rniga viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Zohidjon Ahmadaliyev Xo‘jaobod tumanining yangi hokimi etib tayinlangani ma'lum qilingan.
Deputatlar bilan kelisha olmagan hokim

Avgust oyi oxirlarida ijtimoiy tarmoqlarda Xalq deputatlari Xo‘jaobod tuman kengashining bir guruh deputatlari tuman hokimi Otabek Rasulovning xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib, prezidentga va boshqa qator davlat idoralariga murojaat yo‘llagani haqida xabarlar tarqalgandi.
Murojaatda hokimning davlat mulkini talon-toroj qilish, yer sotish, budjet mablag‘larini noo‘rin sarflash, kadrlar siyosatidagi shoshqaloqlik, tadbirkorlarning rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgani, ma'naviy-axloqiy tomondan ham «teskari o‘rnak» bo‘layotgani ta'kidlangan.
Shuningdek, murojaatda hokim Otabek Rasulov 2019 yilgi parlament saylovlari vaqtida deputatlikka nomzodlar ro‘yxati OAVda e'lon qilinishiga bir kun qolganida, siyosiy partiyalarga tazyiq o‘tkazib, nomzodlar ro‘yxatini o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirgani ham qayd etilgandi.
Deputatlar o‘z murojaatida tuman hokimining ishini alohida o‘rganish maqsadida maxsus ishchi guruh tuzib, guruhi ishiga o‘zlari ham jalb etilishini so‘rashgandi.
Deputatlar hokim haqida nimalar deyishgandi?
Deputatlar murojaatidan so‘ng Kun.uz muxbirlari Xo‘jaobod tumanida bo‘lib, hokimdan norozi va uning tarafida bo‘lgan boshqa deputatlar bilan suhbat uyushtirgandi.
Uchrashuv davomida 7 nafar deputat va mahalla faollari tumanda davlat mulkini talon-toroj qilish, yerlarni noqonuniy sotish, korrupsiya, davlat budjetini o‘zlashtirish, qonunbuzarliklar avj olgani, tuman hokimi aholi muammolarini ko‘tarib chiqqan deputatlarga bosim o‘tkazishi kabi holatlar ularni yuqori organlarga murojaat qilishga majbur qilgani haqida aytishgan edi. Deputatlar tumandagi holatni o‘rganish uchun respublika yuqori organlari vakillaridan iborat ishchi guruhi tekshirish o‘tkazishini so‘rashgan.


















