2 oktabr kuni Xalq deputatlari Navoiy viloyati Tomdi tumani kengashining navbatdagi XIII sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Kun.uz muxbiri xabar berishicha, sessiyasida tuman hokimi Qayrat Aldabergenov hamda sektor rahbarlari yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun tomdiliklardan kechirim so‘rashdi.

2019 yil yakunlari bo‘yicha tumanning «qoniqarsiz» darajaga tushib qolishiga quyidagi omillar sabab bo‘lgani ta'kidlangan: 
— ushbu muddatda ishlab chiqarilgan hududiy sanoat mahsulotlari hajmi 34,7 mlrd so‘mni tashkil etib, viloyat bo‘yicha 9-o‘rinni egallagan; 
— eksport hajmi jami 428,4 ming AQSh dollarini (aholi jon boshiga hisoblaganda 29 AQSh dollarini) tashkil etib, viloyatdagi tumanlar orasida 8-o‘rinni egallagan; 
— tumanda aholi bandligi darajasi 90,2 foizni, xotin-qizlar bandligi darajasi 87,7 foizni tashkil etib, viloyat bo‘yicha eng past ko‘rsatkich qayd etilgan; 
— aholi jon boshiga ishlab chiqarilgan iste'mol tovarlari hajmi 2,2 mln so‘mni tashkil etib, viloyat tumanlari orasida 8-o‘rinni egallagan; 
— asosiy kapitalga kiritilgan umumiy investitsiyalar hajmining (2 trln 909 mlrd so‘m) 0,4 foizinigina (12 mlrd 997 mln so‘m) to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar tashkil etib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha viloyatda 10-o‘rinni egallagan;
— Kichik biznesda ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmi 4759 mln so‘mni tashkil etib, viloyat bo‘yicha eng past ko‘rsatkich qayd etilgan;
— 2019 yilda kelib tushgan 88ta murojaatning faqatgina 47tasi qanoatlantirilgan.

Sessiyada ushbu kamchiliklarni bartaraf etish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta'minlash, aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha sektor rahbarlarining hisoboti ham tinglandi.

Tuman hokimining bildirishicha, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan bir qator ishlar boshlab yuborilgan. Jumladan, joriy yil yakunigacha tumanda umumiy qiymati 50,9 mlrd so‘mlik 10ta loyihani ishga tushirish orqali sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 42,3 mlrd so‘mga yetkazish kutilmoqda. 2021 yilda esa 199,5 mlrd so‘mlik 18ta loyiha faoliyati yo‘lga qo‘yiladi va 62,4 mlrd so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi.

Bundan tashqari, tumanni 2020-2021 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida qiymati 401,5 mlrd so‘mlik 94ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali 770ta yangi ish o‘rni yaratiladi. «Tomdibuloq» ovulidagi bo‘sh turgan 50 gektar yer maydonida sanoat zonasini tashkil etish va bu yerda 7ta import o‘rnini bosuvchi yirik ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish ham ko‘zda tutilmoqda.