Kaliforniya shtatida joylashgan Sandvine kompaniyasi axborot tarmoqlari boshqaruvi, xavfsizligi va internet-traffikni filtrlashda qo‘llanadigan uskunalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.
Shu yil avgustda Belarusdagi saylovlar vaqtida internetga to‘siq qo‘yishda ayni shu kompaniya mahsulotlaridan foydalanilgan. Bu ma'lum bo‘lib qolgach, San-Fransiskoda bir guruh faollar kompaniyaga qarshi namoyish o‘tkazgan, Sandvine esa Belarusga uskunalar sotishni to‘xtatishini e'lon qilgandi.
Bloomberg agentligi ushbu kompaniyaning 3 nafar hozirgi va 5 nafar sobiq xodimlari hamda firma hujjatlariga asoslanib xabar berishicha, Belarus – Sandvine uskunalaridan foydalanib internetni senzura qilgan yagona davlat emas. Bunday davlatlar qatorida O‘zbekiston, Rossiya, Turkiya, BAA, Ozarboyjon va Afg‘oniston doxil o‘ndan ortiq mamlakat bor.
Bu mamlakatlarda Sandvine'ning veb-saytlarni bloklash texnologiyalaridan siyosiy maqsadlarda yangiliklar saytlari, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarga to‘siq qo‘yishda foydalanilgan, deyiladi xabarda.
Bloomberg bu borada izoh olish uchun Sandvine bilan bog‘langan. Kompaniya o‘z javobida qaysi mamlakatlar bilan hamkorlik qilayotganini ochiqlamagan va sotayotgan uskunalari «inson huquqlari yoki erkin axborot oqimiga to‘siq qo‘yish uchun mo‘ljallanmagan»ini bildirgan. Berilgan izohga ko‘ra, kompaniya mahsulotlari bolalar pornografiyasi, odam savdosi, terrorizm va zararli kompyuter dasturlariga qarshi kurashishda qo‘llanadi.
Sandvine o‘tgan oyda Belarus bilan bitim bekor qilingani haqida bergan bayonotida, ikkinchi taraf «inson huquqlarini buzayotgani, bu esa o‘rtadagi shartnoma avtomatik ravishda o‘z kuchini yo‘qotishiga sabab bo‘lgani» aytilgan.
Bloomberg suhbatlashgan AQSh senatori Dik Durbin Sandvine'ni, Belarus bilan bog‘liq voqeadan xulosa chiqarib, uskunalarni noma'qul senzura uchun qo‘llashi mumkin bo‘lgan davlatlar bilan bitimlarni qayta ko‘rib chiqishga chaqirgan.
Sandvine'ning agentlik bilan anonim ravishda suhbatlashgan 5 nafar sobiq xodimidan 3 nafari kompaniya avtoritar hukumatlar bilan hamkorlik qilishiga qarshi bo‘lgani sababli ishdan bo‘shaganini aytgan.
«Ayrimlarimiz mijozlar borasidagi shikoyatlarimizni bildirganmiz, lekin bu katta ehtimol bilan inobatga olinmagan. Kompaniyaning bosh maqsadi – mahsulot sotish»,

















