14 noyabr kuni Kun.uz saytida «Oqdaryo buyum bozoridagi yong‘in: do‘kondorlar o‘t o‘chiruvchilar kech kelganidan norozi va yordamga muhtoj» sarlavhasi ostida reportaj berilgan edi.

Unda Samarqand viloyati Oqdaryo tumani markazidagi kiyim-kechak bozorida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 10dan ziyod do‘konlar yonib ketgani hikoya qilingan, voqea guvohlari va do‘kondorlarga mikrofon tutilgan edi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi ushbu reportaj yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

«Ma'lumki, inson favqulodda vaziyatga tushib qolganida, vaqt sekin o‘tgandek, voqea esa juda uzoq sodir bo‘lgandek tuyuladi. Haqiqatda favqulodda hodisalar, jumladan, yong‘inlar ham qisqa vaqt ichida rivojlanib, avj oladi. Odatda favqulodda hodisalar inson ruhiyatiga kuchli ta'sir ko‘rsatib, mulk egalari ushbu vaziyatlarda tegishli xizmatlarga bog‘lanishdan ko‘ra, ofatni mustaqil ravishda bartaraf etishga harakat qiladi. Bu esa aksariyat holatlarda ofatning kengayishiga sabab bo‘ladi.

Berilgan ma'lumotda 2020 yil 12 noyabr kuni Loyish shaharchasi Amir Temur ko‘chasidagi «Oqdaryo savdo kompleksi»da sodir bo‘lgan yong‘inni o‘chirishga jalb etilgan kuch va vositalarning harakatlaridan yong‘indan zarar ko‘rgan do‘kon egalarining noroziligi to‘g‘risida ma'lum qilingan.

Ma'lumotda qayd etilgan holat bo‘yicha quyidagilarni ta'kidlash lozim:

12 noyabr kuni soat 18:42da Oqdaryo tumani FVB dispetcherlik xizmatiga tumanning «Oqdaryo savdo kompleksi»da yong‘in ro‘y berganligi to‘g‘risida kompleks qorovuli fuqaro Sh.Islomov tomonidan xabar beriladi va 2 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji yong‘in joyiga soat 18:49da yetib borgan.

Shuningdek, yong‘inni o‘chirishga Samarqand shahridan qo‘shimcha ravishda 2 ta, Ishtixon tumanidan 1 ta yong‘in-qutqaruv ekipajlari jalb etilib, yong‘in soat 19:00 da o‘rab olingan, soat 20:10da esa to‘liq o‘chirilgan.

Ma'lumot uchun: 9-kasbiylashtirilgan yong‘in-qutqaruv qismidan yong‘in ro‘y bergan obektgacha masofa 3,5 kilometrni tashkil etadi.