1 dekabr kuni xalq deputatlari Navoiy viloyati kengashining XII sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatning yaqinda tayinlangan prokurori Baxtiyor Ahmedov hududdagi korrupsiya holatlariga to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Uning aytishicha, o‘tgan ikki yilda viloyatda jami 200 nafarga yaqin shaxs (shundan 138 nafari mansabdor shaxs) korrupsion jinoyatlar sodir qilgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Ushbu muddatda 67 ta poraxo‘rlik, 4 ta mansabni suiiste'mol qilish, 8 ta mansab soxtakorligi, 97 ta budjet mablag‘larini talon-toroj qilish, 13 ta mansab mavqeini suiiste'mol qilish yo‘li bilan firibgarlik qilish holatlari kuzatilgan.
Sodir etilgan korrupsiyaviy jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga 16 mlrd so‘mdan ortiq moddiy zarar yetkazilgan, dedi prokuror.
Unga ko‘ra, budjet pullarini talon-toroj qilish holatlari, asosan xalq ta'limi, maktabgacha ta'lim, sog‘liqni saqlash, qurilish, energetika, mahalla, qishloq va suv xo‘jaligi hamda bank sohalariga to‘g‘ri kelmoqda.

Moliya bo‘limi
«Byudjyet mablag‘larining ratsional taqsimlanishi va maqsadli ishlatilishi yuzasidan davlat nazoratiga mas'ul moliya organlari o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni talab darajasida bajarmayapti yoki o‘zlari bu mablag‘lar talon-toroj qilinishiga ko‘makchi sifatida ishtirok etishmoqda.
Masalan, Navbahor tuman moliya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari – davlat maqsadli mablag‘larini nazorat qilish sho‘basi boshlig‘i O.Ochilov tumandagi mahalla fuqarolar yig‘inlari, bandlikka ko‘maklashish markazi hamda Xalq banki tuman bo‘limi xodimlari bilan birga 116 nafar fuqaroning xabarisiz, ular nomiga ijtimoiy nafaqalarni rasmiylashtirib, 646 mln so‘m budjet mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan», – dedi Baxtiyor Ahmedov.
Banklar
Ma'lum qilinishicha, Navoiy viloyatida o‘tgan ikki yilda tijorat banklarining 30 nafarga yaqin mansabdor shaxslari korrupsiyaviy jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilgan.
Birgina, 2019 yilda tijorat banklari tomonidan «Har bir oila – tadbirkor» dasturi doirasida ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘lari o‘zlashtirilgani bo‘yicha, aybdorlardan 2,1 mlrd so‘mlik zarar undirilib, bank xodimlari va ularning jinoiy sheriklari bo‘lgan 46 nafar shaxsning jinoiy javobgarlik masalasi hal qilingan.


















