Yo‘ldosheva ishi: Dispanser bosh shifokori marhumni ko‘chirishda viloyat SSBdan topshiriq bo‘lganini aytdi
Marhum F.Rustamov viloyat SSB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Nizom Abdullayev topshirig‘i asosida dispanserga qabul qilingan, deb sudda guvohlik berdi dispanser bosh shifokori Feruza Shonasirova. Abdullayev esa avvalroq bemorning boshqa shifoxonaga ko‘chirilishini Yo‘ldoshevaning xatosi deb aytgandi.
Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Bu galgi sud majlisida Toshkent viloyati ruhiy-asab kasalliklari dispanseri bosh shifokori va dispanserning boshqa xodimlari marhum F.Rustamovning kasalxonaga ko‘chirilishi bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Toshkent viloyati ruhiy-asab kasalliklari dispanseri bosh shifokori Feruza Shonasirova marhum F.Rustamovni shifoxonaga qabul qilgani va bunga e'tiroz bildirmaganini ta'kidladi.
F.Shonasirova bemorni dispanserga Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Nizom Abdullayevning topshirig‘i bilan qabul qilganini aytdi.
Shuningdek, karantin davrida Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida qorovul bo‘lib xizmat qilgan Farrux Ashirov marhum F.Rustamovni tez tibbiy yordam mashinasi olib ketishga kelganida Yo‘ldoshevaga telefon qilib xabar berishga uringanini, bemorni tez tibbiy yordam mashinasi olib chiqib ketayotgan vaqt Yo‘ldoshevaga qo‘ng‘iroq qilib tusha olmaganini bildirdi.
Bu ikki guvohdan tashqari, sud majlisida dispanserning yana 4 nafar vakili ko‘rsatma berdi. Qolgan guvohlarning ko‘rsatmalari keyingi sud majlisiga qoldirildi.
Ma'lumot uchun, viloyat SSB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Nizom Abdullayev sentyabr oyida Qalampir.uz'ga bergan intervyusida bemorni infeksion kasalxonadan ruhiy dispanserga ko‘chirish – «Guljahon Yo‘ldoshevaning xatosi» bo‘lganini aytgan edi.
Avvalgi sud majlislarida Guljahon Yo‘ldoshevaning o‘zi marhumning o‘limiga aloqasi yo‘qligini ta'kidladi. Uning bu gaplarini shifoxona infeksionisti Sheyxnazar Ro‘zmetov tasdiqladi.
Karantin davrida infeksion shifoxonada hamshira bo‘lib ishlagan Aydana Yesenaliyevaning aytishicha, u Yo‘ldoshevaning marhum F.Rustamovni boshqa shifoxonaga ko‘chirish haqidagi gapini «eshitib qolgan». Yo‘ldosheva bu gapni aytmaganini, Yesenaliyevaning ko‘rsatmasi yolg‘onligini bildirdi. Shifokor bu gapni qachon, qayerda, qaysi tilda va kimlarning oldida aytgani haqida advokat bergan savollarga hamshira aniq javob bera olmadi.
Mavzuga oid
11:25 / 21.11.2024
2024 yilda 30 mingdan ortiq o‘zbekistonliklar tuhmat va haqorat qilgani uchun sudlandi
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
10:16 / 12.11.2024
Farg‘onada tanishini o‘ldirib, uyiga o‘t qo‘ygan ayolga hukm o‘qildi
08:48 / 09.11.2024