«Zo’r TV» telekanali orqali efirga uzatiladigan «Boriga baraka» ko‘rsatuvi qisqa fursatda keng omma orasida tanilib, millionlab auditoriya yig‘a oldi. Ko‘rsatuv boshlovchilarining mashhurligi, iste'dodi va albatta sovrinlarning biri-biridan qimmatbaho ekani ham bunga sabab bo‘lgandir ehtimol.
Olti farzandning otasi, urgutlik Baxtiyor Mamatov – ushbu o‘yinning 2019 yil oktyabridagi 92-sonida ishtirok etib, 2 xonali kvartira yutib olganlardan biri. Ammo oradan bir yildan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay, bu yutuq Baxtiyor Mamatovga topshirilgani yo‘q.
«2019 yil kuz oylarida «Atlas» ko‘ngilochar savdo markazida bo‘lib, u yerda kupon to‘ldirgan edim. Shu sabab bo‘lib «Boriga baraka» televizion shousi ishtirokchisiga aylandim. Ko‘rsatuvning navbatdagi sonida ishtirok etib, omadim kulib boqdi va 2 xonali kvartira yutib oldim.
Ammo oradan 14 oy o‘tgan bo‘lsa-da tashkilotchilar hamon menga atalgan uyni berganlari yo‘q. Bu orada turli odamlarga ro‘para qilishib, turli bahonalar qilishdi. Har gal telekanalga chaqirganlarida umid bilan boraman, ammo yana quruq qo‘l bilan qaytaman.
Avval homiy o‘zgardi deyishdi, keyin karantin bahona bo‘ldi va mana endi propiskam bilan bog‘liq masalani ro‘kach qilib, uyni bermay kelmoqdalar.
O‘rtada juda ko‘p gap-so‘zlar bo‘lib o‘tdi, har safar va'da berishadi, lekin yangilikdan darak bo‘lmaydi. Ko‘rsatuv tashkilotchilarining to‘g‘ri va adolatli ekanliklariga ishonchim qolmadi», – deydi Kun.uz'ga murojaat qilgan Baxtiyor Mamatov.
Baxtiyor Mamatovning so‘zlari qay darajada haqiqatga yaqinligini bilish maqsadida «Zo’r TV» telekanali rahbariyati bilan bog‘landik.
Telekanal mas'ullari televizion shouning 92-sonida yutilgan 2 xonali kvartira fuqaro Baxtiyor Mamatovga haligacha topshirilmaganini turli sabablar bilan izohladi. 2019 yil yakuniga yetayotgani munosabati bilan ko‘rsatuv homiysi o‘zgargani, keyinroq esa karantin boshlanib ketgani shular jumlasidan.
















