O‘zbekiston | 18:39 / 06.01.2021
13161
3 daqiqa o‘qiladi

Joriy yilda O‘zbekistonda 2ta yangi quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi yakunlanadi

2021 yilda Samarqand va Navoiyda 2ta yangi quyosh fotoelektr stansiyasi quriladi. Shuningdek, 2024 yilgacha yana 3ta FES qurilishi belgilangan.

Foto: Flickr

2021 yil oktyabrga qadar, Navoiy viloyati Karmana tumanida va Samarqand viloyatining Nurobod tumanida davlat-xususiy sheriklik asosida quyosh fotoelektr stansiyalari qurilishi belgilangan. Har ikkala loyihaning energiya ishlab chiqarish quvvati 100 MVtga teng va jalb qilinishi kutilayotgan umumiy investitsiya miqdori 210 million dollar bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturida ma'lumot berilgan.

Ta'kidlanishicha, qurilishi rejalashtirilayotgan fotoelektr stansiyalarida 40ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Investitsiya dasturiga ko‘ra, Nurobod tumanidagi fotoelektr stansiyasi qurilishi bilan Fransiyaning «Tota Eren SA» kompaniyasi shug‘ullanadi. Navoiydagi stansiya qurilishini esa Birlashgan Arab Amirliklarining «Abu Dhabi Future Energy Company PJSC – Masdar» kompaniyasi bajaradi. Har ikki loyiha ham xorijiy sarmoya orqali moliyalashtirilishi ta'kidlangan.

Avvalroq, 2019 yil 18 oktyabr kuni «Scaling Solar 1» loyihasi doirasida Navoiy viloyatida quvvati 100 MVt bo‘lgan FES qurilishi bo‘yicha o‘tkazilgan tenderda Masdar (BAA) kompaniyasi g‘olib bo‘lgani haqida xabar berilgandi.

Bundan tashqari, «Respublika iqtisodiyotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini takomillashtirish chora- tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarorida ma'lum qilinishicha, 2021-2023 yillarda Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida quvvati 200 MVt bo‘lgan, 2021-2024 yillarda Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida quvvati 200 MVt bo‘lgan, 2021-2024 yillarda Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida  quvvati 200 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan.

Ma'lumot uchun, quyosh fotoelektr stansiyasi – quyosh radiatsiyasi (nuri)ni yutib, uning energiyasini issiqlik yoki elektr energiyasiga aylantiruvchi texnik inshootdir. Bugungi kunda jahonning ko‘plab rivojlangan mamlakatlarida FES tiklanmaydigan energiya resurslari o‘rniga muqobil variant sifatida joriy qilinmoqda.

Алишер Рўзиохунов
Tayyorlagan Алишер Рўзиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid