Favqulodda vaziyatlar vazirligi odamlar ortiqcha vahimaga tushmasligi uchun tezlik bilan munosabat bildirdi. Unda vahimaga o‘rin yo‘qligi, Qayroqqum suv ombori nazoratda ekani, unda hech qanday avariya sodir bo‘lmagani hamda to‘g‘on dambasi buzilmagani ma'lum qilindi.
Bundan tashqari, Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev va yana bir qator tumanlar hokimlari kechasi bilan yurib, odamlardan uylariga qaytishni so‘ragan.

Xo‘sh, Qayroqqum qachon qurilgan? Unda qancha suv saqlanadi? Suv ombori mintaqa uchun xavf tug‘dirishi mumkinmi? Quyida shu haqdagi ma'lumotlar keltirilgan.
O‘tgan asrning 50-yillaridan boshlab SSSR rahbariyati qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish qulay bo‘lgan O‘zbekiston hududidagi zaxira yerlarni o‘zlashtirish uchun harakat qila boshlaydi. Mintaqada yoz ancha issiq kelishi, dalalarni sug‘ormasdan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishning imkoniyati past bo‘lishi inobatga olinib, bu yerda avvalo suv omborlar qurish reja qilinadi. Shundan so‘ng, bir tarafdan cho‘llar o‘zlashtiriladi, ikkinchi tarafdan yirik daryolar to‘silib, suv omborlari qurish boshlanadi. Qayroqqum ana shu suv omborlar orasida eng birinchi qurilgan gidrotexnika inshooti hisoblanadi. O‘sha paytda Qayroqqum suv ombori bilan birga Qayroqqum GES ham qurilgan.
Qayroqqum suv ombori haqida
Qayroqqum suv ombori Farg‘ona vodiysining g‘arbiy qismida asosan Tojikiston va qisman O‘zbekiston hududida joylashgan. Qayroqqum suvga to‘lgan paytda uning O‘zbekiston hududida joylashgan qismida ham suv yig‘iladi. Ammo so‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi tufayli yog‘ingarchilik kam bo‘lyapti. Tabiiyki, Qayroqqumga tushayotgan suv hajmi ham kamaydi. Yoki bu suv omboriga ko‘p suv yig‘ilsa ham, Tojikiston yetarlicha elektr energiya olish uchun Sirdaryoga ko‘proq suv qo‘yib yuboryapti. Oqibatda uning suvi biroz kamayib, O‘zbekiston hududida joylashgan qismida suv yig‘ilmayapti. Buni ayni damda xaritada ham ko‘rish mumkin.



















