Davlat Soliq qo‘mitasi departamenti direktori Hayotjon  Nasrulloyev onlayn nazorat kassa mashinalarini joriy etish bo‘yicha bajarilayotgan ishlar yuzasidan Kun.uz muxbiriga qisqa intervyu berdi.

Onlayn nazorat kassa mashinalari nega kerak bo‘ldi?

Ayni paytda onlayn nazorat kassa mashinalarini joriy etishning uchinchi bosqichi boshlandi. Bunda savdo aylanmasi 100 million so‘mdan yuqori bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlari ushbu kassa mashinalaridan foydalanishmoqda.

Hozirgi kunda tadbirkorlik sub'yektlari davlat reyestriga kiritilgan 13 turdagi onlayn nazorat kassa mashinasi va 11 turdagi virtual kassa dasturiy mahsulotlaridan ixtiyoriy tanlov asosida foydalanishlari mumkin.

Ularga o‘zlariga ma'qul bo‘lgan turdagi modelning xususiyatlari, narxi, faoliyat turiga mos kelishi, funksional imkoniyatlari va keyinchalik bundan foydalanish umumiy xarajatlari qancha bo‘lishidan kelib chiqqan holda tanlash hamda foydalanish huquqi berilgan.

Oylik abonent to‘lovi haqida

Hayotjon  Nasrulloyev

Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan nazorat kassa mashinalari tizimini yanada takomillashtirish maqsadida jarayonlar to‘liq o‘rganib chiqilmoqda. Bunda texnik xizmat ko‘rsatish markazlari qaysi turdagi xizmatlarni qanaqa shaklda ko‘rsatyapti, aynan buni tadbirkorlik subektlariga ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun so‘ralayotgan tarif rejalari nima asosida shakllanganiga e'tibor qaratilyapti.

ONKMni o‘rnatish, ishlatib ko‘rsatish, uskunadan foydalanishni o‘rgatish, mahsulotlarni apparatga joylab ishga tushirib berish haqiqatda xizmat hisoblanadi. Lekin bu ish har oyda emas, faqatgina bir marta bajariladi.

Keyingi oylarda ham xizmat xarajatlari tarkibiga kiritilib, har oy tadbirkorlik sub'yektlaridan to‘lov talab qilinishi qonunchilik talablariga umuman mos kelmaydi.

Texnik xizmat ko‘rsatish markazlariga ham mazkur talablar aytilgan. Har bir tadbirkorlik sub'yekti birinchi navbatda o‘ziga mos keladigan ONKMni tanlaydi. Qolaversa, bu yerda texnik xizmat ko‘rsatish markazlari yoki ONKMni ishlab chiqaruvchilar ham o‘zining sotayotgan mahsuloti va ko‘rsatayotgan xizmatlarni bozordagi qiymati qanchalik yuqoriligidan kelib chiqqan holda mijozlari sonining ertaga kamayishi yoki yo‘qolishidan ham xavotir bo‘ladi. Shuning uchun narx siyosatini to‘g‘ri ko‘rib chiqish kerak.