Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bo‘lib o‘tayotgan namoyishlarda AQShni ayblab chiqdi. «AQSh Rossiya ichki ishlariga aralashishi internetda ruxsat etilmagan namoyishlarga chorlovchi chaqiriqlarni «aylantirishi» bilan ham isbotlandi. Bu Rossiyaga qarshi rejalashtirilgan ish ekaniga shubha yo‘q. Suveren mamlakatning ichki ishlariga aralashishni to‘xtatishlarini talab qilgan holda bu uchun javobarlik borligini eslatamiz», deyilgan Rossiya TIV bayonotida.
AQShning Rossiyadagi elchixonasi namoyishlar vaqtida ko‘plab odamlar qo‘lga olinayotganidan xavotirda ekanini ma'lum qilib, Facebook'dagi sahifasida shunday post qoldirdi: «Aleksey Navalniyni qo‘llab o‘tkazilayotgan namoyishlarda Rossiya hukumati ko‘plab faollar va jurnalistlarni qo‘lga oldi. Rossiyani inson huquqlari talabini bajarishga chaqiramiz».
Rossiya TIV bu postga ham munosabat bildirdi. «Siz jon kuydirib oqlayotgan namoyishlar noqonuniy hisoblanadi. Bunaqa ishlarda Amerikaning o‘zida nima qilishlarini bilasizmi? Odamlarga o‘q uzishadi. Ikkiyuzlamachilik sizning hayot tarzingizga aylangan, desak bo‘larkan-da?», deyilgan Rossiya TIV izohida.



Peterburgda namoyishchilarga qarshi gaz va elektroshokerlar qo‘llandi — shuningdek, tabel qurol bilan tahdid qilingan. Namoyishchilar yo‘llar to‘sib qo‘yilgani tufayli Nevskiy prospektiga chiqa olishmagan, ammo ular Yosh tomoshabinlar teatri binosi oldidan shahar qonunchilik yig‘ilishi binosigacha marsh qilib borishgan. Bu marshrutning o‘rtalarida — Sennoy maydonida — politsiya ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llagan. Bunga namoyishchilar qo‘lga olinganlardan birini politsiya qo‘lidan qaytarib olishga uringanida sodir bo‘lgan. «Fontanka» xabariga ko‘ra, shu yerda politsiyachilardan biri tabel qurolini namoyishchilarga o‘qtalgan. Bundan tashqari, politsiyachilar, Rosgvardiya va OMON xodimlari odamlarni dubinkalar bilan kaltaklagan. Peterburgdagi aksiyada jami 800ga yaqin kishi qo‘lga olingan. Norozilik aksiyasi bo‘yicha jinoiy ishlar ochilmoqda — qo‘lga olinganlardan biri omonchilardan birining «bosh sohasiga ikki qo‘llab tushirish»da ayblanmoqda.

















