Dam olish kunlarida tarqalgan shov-shuv 2017 yilning noyabrida Messi klub bilan imzolagan shartnoma haqida bo‘lib, bu kelishuvga ko‘ra, futbolchi 2021 yilning iyun oyigacha 555 million yevro olishi belgilangan. Shundan 138 million yevro – maosh (bonuslar bilan birgalikda), 115 million yevro – yangi shartnomaga imzo qo‘ygani uchun mukofot puli va yana agar shartnoma yakunigacha u «Kamp Nou»ni tark etmasa, sadoqat uchun yana 78 million yevro.

Raqamlar ancha umumlashtirilgan, masalan, soliqlar ushlab qolinishi ham bor, ammo bu kartinani o‘zgartirmaydi. Bu summaning hammasi Messiga yetib bormasa-da, yaqinda 1,2 milliard qarzi borligini e'lon qilgan «Barselona»ning cho‘ntagidan chiqadi. Goldman Sachs kabi kompaniyalarga bo‘lgan kreditlardan tashqari, klub «Liverpul» va «Ayaks»ga Koutino va Frenki De Yong uchun transfer summasini to‘lab qo‘yishi ham kerak.

Bu xabarning oshkor etilishi vaqti ham ayni muddao. Pandemiya tufayli prezident saylovlarining kechikishi, klubning iqtisodiy tanazzulga uchrayotgani haqidagi faktlar bilan birgalikda, mana shu shartnoma ommaga chiqib ketdi.

Marca nashri shartnomaning chiqib ketishi sababchisi sobiq prezident Bartomeu yoki sobiq bosh direktor Grau, balki hatto vaqtinchalik komissiya raisi Tuskets bo‘lishi mumkinligini yozdi. Ammo aslida bu voqeaga nomzodlar ham daxldor bo‘lish ehtimoli mavjud.

Ular uch kishi – Laporta, Font va Freysha. Ularning qaysi biri yakunda g‘olib chiqsa ham, klubni iqtisodiy inqirozdan qutqarishdan tashqari, Messi bilan yangi shartnoma borasida og‘ir muzokaralarni o‘tkazishi kerak bo‘ladi. «Kamp Nou»da boshqa variant ko‘rib chiqilmayapti ham. Ya'ni na Laporta, na Font va na Freysha saylovoldi dasturlarida Messining klubni tark etishi ehtimolini aytishga qo‘rqib turibdi. Messisiz yo‘lda davom etish g‘oyasi o‘ta tahlikali bo‘lib, bunday rejani birinchi bo‘lib tilga olgan nomzod, tabiiyki, mag‘lubiyatga uchraydi.

Mana shu tarafdan, yuqoridagi shartnoma ulardan qisman bosimni olib tashlaydi. Mabodo, Leo baribir ham ketishni ixtiyor etsa, yangi prezident kamroq tanqidga uchraydi va hammasini qaytadan boshlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Messi bilan kelisha olmaslik, qimmatbaho shartnoma va iqtisodiy inqiroz fonida mantiqli ko‘rinadi. Muxlislar ham hatto tushunishlari mumkin bo‘ladi.

Shu nuqtayi nazardan, Messining yirik shartnomasini ochiqlash, o‘sha shartnomani tuzgan sobiqlardan ko‘ra, yangi shartnoma bo‘yicha kelishish shart qilinayotgan yangilarning manfaatiga ko‘proq ishlaydigandek tuyulmoqda.

Messining ketishi, ayniqsa, o‘sha shartnoma oshkor qilingach, yanada haqiqatga yaqinlashdi, chunki, futbolchi klub ichidagi «dushman»dan, ayniqsa, Messi katta pul uchun o‘ynaydigan inson sifatida namoyon qilingach, nafratlanadi, klubda qolish fikridan yanada uzoqlashadi. Aynan mana shu obrazning paydo qilingani Messining ko‘proq jahlini chiqarmoqda va u oxirigacha sudlashishga tayyorligini bildirdi.