O‘zbekiston | 10:03 / 12.02.2021
31079
2 daqiqa o‘qiladi

«Farzandingizni shu joyda tasavvur qiling». Vazir yotoqxonalarda qiz va o‘g‘il bolalarning bir qavatda yashashini tanqid qildi

Joriy yilning 8 fevral kuni Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tizimidagi boshqaruv kadrlar uchun video-konferens-aloqa tarzida yig‘ilish o‘tkazildi. 

Foto: Kun.uz / arxiv

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audiolarga ko‘ra, yig‘ilishda vazir Abduqodir Toshqulov oliy ta'lim muassasalari yotoqxonalarining bir qavatida ham qizlar, ham o‘g‘il bolalar joylashtirilishini tanqid qilgan.

«Talabalar turar joylarida o‘g‘il bolalar va qiz bolalarning bitta qavatda joylashtirilgani juda uyatli. Shu ham gap bo‘ldimi? Nahotki, shuni nazorat qilib bo‘lmaydi? Men shuning uchun ham alohida buyruq chiqarib berishim kerakmi?

Keyin yana ijtimoiy tarmoqlarda ayyuhannos: «Bu kishi o‘zlarining e'tiqodlaridan kelib chiqib, qiz bola bilan o‘g‘il bolani ajratishni boshladi», deb yozishadi. Bu gaplar nima kerak menga?

Hurmatli mas'ullar, o‘z farzandingizni shu joyda tasavvur qilib ko‘ring. Oliy ta'lim muassasasi yotoqxonasida qizingizning xonasi o‘g‘il bolaning xonasi bilan yonma-yon turishini xohlarmidingiz?

Qizingiz o‘g‘il bola bilan bitta xonada ovqat tayyorlashini xohlarmidingiz? Qizingiz o‘g‘il bolalarga har kuni ovqat pishirib berishini xohlarmidingiz? Kirini yuvishini xohlarmidingiz?

Biz talabalikda o‘zimiz o‘rganganmiz shunday narsalarni. Bino bitta desangiz, kirish va chiqishni ikkita qilsa bo‘ladi-ku. Qancha shtat bor keraksiz. Shulardan xodim qo‘ysa bo‘ladi-ku. Bevosita rahbarga bog‘liq bu narsa», – degan vazir.

Mavzuga oid