12:16 / 13.02.2021
23128

O‘tkir Jumayev Buxoro shahri hokimi etib tasdiqlandi

2020 yil martidan buyon Buxoro shahar hokimi vazifasini bajaruvchi sifatida ishlab kelgan O‘tkir Jumayev ushbu lavozimga tasdiqlandi.

Foto: Buxoro shahar hokimligi axborot xizmati

Bugun, 13 fevral kuni xalq deputatlari Buxoro shahar kengashining 30-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda tashkiliy masala ko‘rildi. Bu haqda shahar hokimligi axborot xizmati xabar qildi.

Sessiya ishida shahar hokimi vazifasini bajaruvchi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan O‘tkir Jumayev nomzodi shahar hokimi lavozimiga ma'qullandi.

Foto: Buxoro shahar hokimligi axborot xizmati

Ma'lumot uchun, O‘tkir Jumayev 1975 yilda Buxoro viloyati Romitan tumanida tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy: 1997 yil Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi institutini, 2011 yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1997 yilda «Buxorosuvqurilish» aksionerlik jamiyatining 37-son ko‘chma mexanizatsiyalashgan kolonnasi ishlab chiqarish bo‘limi muhandisligidan boshlagan O‘tkir Jumayev «Buxoroavtoyo‘l» hududiy yo‘llardan foydalanish davlat korxonasi direktori (2009–2010), «Buxoroavtoyo‘l» hududiy yo‘llardan foydalanish davlat tashkiloti direktori (2011–2012), «KNAUF GIPS BUXORO» MChJ shaklidagi xorijiy korxona o‘quv markazi boshlig‘i (2012–2015), «KNAUF GIPS BUXORO» MChJ shaklidagi xorijiy korxona direktorining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari (2015–2019) lavozimlarida ishlagan.

O‘tkir Jumayev 2020 yil mart oyida Buxoro shahar hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Buxoro shahri prokurori Jasur Fozilov lavozimidan ozod etilgani ma'lum bo‘lgandi.

Top