Birlashgan Arab Amirliklariga safar qilgan Kun.uz muxbirlari O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan ushbu mamlakatga ishlashga yuborilgan vatandoshlar lageridan reportaj tayyorlagan, unda vatandoshlarning yashash sharoiti havas qilgudek emasligi, berilgan va'dalar esa qog‘ozda qolgani haqida so‘z borgandi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligidan ma'lum qilishlaricha, maqola e'lon qilingan kunning ertasiga, 11 fevral kuni O‘zbekistonning BAAdagi elchisi Baxtiyor Ibragimov boshchiligidagi elchixona xodimlari o‘zbekistonlik mehnat migrantlari yashash joyiga borib, vaziyatni o‘rgangan.
Bayonotda O‘zbekiston fuqarolari uchun boshlang‘ich zaruriy sharoitlar yaratilgani, alohida 2 ta xona biriktirilgani, konditsioner va internet (WiFi) borligi, umumiy yuvinish xonasi va oshxona kuniga 2 martadan tozalanishi, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari kelishilganidek oyiga 425 dollar miqdoridagi maosh va tibbiy sug‘urta bilan ta'minlangani aytiladi.


«Chet ellik ishchilar uchun mo‘ljallangan yotoqxonada Hindiston, Pokiston, Bangladesh va Afrika davlatlaridan kelgan jami 3000 nafar mehnat migrantlari istiqomat qiladi. Yotoqxona ma'muriyatining ma'lum qilishicha, shu kunga qadar boshqa millat ishchilari tomonidan yashash sharoiti yomonligi to‘g‘risida e'tirozlar kelib tushmagan, 9 nafar o‘zbek ishchilari uchun alohida yashash binosi ajratish imkoni yo‘q.
Shu bilan birga, 9 nafar fuqaroning barchasi «Saned» tashkilotida ish faoliyatini davom ettirishini ma'lum qilgan.
Ayni paytda «Saned» kompaniyasi bilan o‘zbekistonliklar uchun yashash sharoitini yanada yaxshilash va eng maqbul variant ishlab chiqish choralari ko‘rilmoqda», – deyiladi bayonotda.










