Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi – O‘zbekiston havosi, suvi, tuprog‘i tozaligi va buning uchun qabul qilingan me'yorlarga hammaning amal qilishini ta'minlash uchun javobgar va vakolatli organ.
Shu tufayli ham faol jamoatchilikda ushbu organga savollar talaygina.
Kun.uz sohadagi ko‘plab muammoli masalalar yuzasidan qo‘mita raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonov va boshqa mutasaddilar ishtirokida katta intervyu tashkil etdi.
«Agar o‘zimni tabiatga befarq tadbirkor deb olsam, unda o‘zim atmosferaga chiqindi chiqaryapman, o‘zim oqova suvlarga kimyoviy zaharlarni oqizyapman, o‘zim chiqindini belgilanmagan joyga tashlayapman. Keyin esa aptekaga borib, bolalarimga dori olyapman. Tabiatni o‘zim zaharlab, endi o‘zim davolanyapman...» – deya ayrim tadbirkorlar holatini tasvirladi Islombek Boqijonov.
«Biz ekologiyaga zarar yetkazayotgan korxonalarga nisbatan keskin choralar ko‘rib, sud orqali faoliyatini to‘xtatib qo‘ya olamiz. Masalan, bir korxona bir kun ishlamasa, uning 300 yoki 500 nafar ishchisining uyida qozoni qaynamaydi. Bu tomonini ham o‘ylashimiz kerak-da.

Shuning uchun biz keskin choralar qo‘llashdan oldin bosqichma-bosqich sharoit yaratishimiz kerak. O‘zimizda ayb bo‘lgan, o‘sha korxona ochilayotgan paytda biz shuni talab qilmaganmiz. Agar boshida qattiqroq tursak edi, u korxona hali ish boshlamasidan, o‘sha 500 kishini ishga olmasidan oldin zarur choralarni ko‘rganda, ya'ni ekologiyaga zararni minimallashtiradigan texnologiyalarni joriy etganida, to‘g‘ri bo‘lardi. Shu sababli ham biz hozir yangi ochilayotgan korxonalarga talab qo‘yyapmiz.
O‘zim guvoh bo‘ldim. Toshkent shahrining o‘rtasida bitta katta zavod qurgan. U zavoddan atmosferaga chiqindi chiqadi, zavodning shundoq yonida esa – aholi uylari. Shunga qaramay bu zavod qurilgan. Endi uni ko‘chiramiz desak, faoliyatini to‘xtatib qo‘yamiz desak, u bir necha yuz yoki ming kishini ish bilan ta'minlagan.
Yirik korxonalar trillionlab soliq to‘lashadi, to‘g‘ri, lekin soliq to‘ladi, davlatga foyda keltirdi degan bilan atmosferani unutmasligimiz kerak-da.















