«Barselona» prezidenti saylovlaridan uch hafta oldin Joan Laporta, u bilan klub har qanday yulduzni sotib olishga qodir bo‘lishini aytgandi.

«Mbappe yoki Holand? Agar men prezident bo‘lsam, transfer bozoridagi eng yorqin yulduzni sotib olishimiz mumkin bo‘ladi. Messini ham unutmanglar, uni jamoada olib qolish uchun juda jozibador va umidbaxsh loyihani taqdim etishimiz kerak», – degandi Laporta.

Ikki hafta oldin: «Men prezidentlik paytimda «Real» biror marta ham Chempionlar Ligasini yuta olmagan. Aynan bizning muvaffaqiyatlarimiz tufayli, 2006 yilda Florentino Peres «Real»dan iste'foga chiqqandi».

Bir hafta oldin: «Ishonchim komilki, agar saylovda men yutmasam, Messi Barselonada qolmaydi».

Agar klub tarixi haqida hech narsa bilmasangiz, bu gaplarni aytayotgan odam sizga nima haqida gapirayotganini o‘ylab ham o‘tirmaydigan g‘irt populist bo‘lib ko‘rinadi. Boshqa tarafdan, agar tarixni titkilasangiz ham, hafsalangiz pir bo‘lishi hech gap emas.

2003 yilda Laporta ilk marta prezidentlik saylovlarida nomzod bo‘ldi va o‘shanda uning imkoniyati juda past edi. Hamma Luis Bassatning g‘alabasini kutar, klubdagi barcha muhim figuralardan tortib, sport direktorligi vazifasi va'da qilingan Pep Gvardiola ham uni quvvatlayotgandi. Lekin Laporta bir gapi bilan o‘ziga yarasha «hayp» yaratdi va saylovda katta burilish yasadi. U «Barselona»ga Devid Bekhemni olib kelishga va'da beradi va 51 foiz ovoz bilan g‘olib chiqadi. Bekhem esa, «Real» futbolchisiga aylandi.

Foto: Denis Doyle/Getty Images

Laporta – populist. Ammo doim ham bu yomon degani emas. Muhimi, bu Laportaning yagona jihati bo‘lmasa, chidasa bo‘ladi. Saylovda yutish uchun eng yaxshi dasturga ega bo‘lish shartmas, hammadan yaxshi va'da berishni uddalashing kerak. Undan ham zo‘ri, sen aniq va'dalar bermasdan turib, atrofga pozitiv ulasha olsang, yanada yaxshi. So‘nggi oylarda Laporta o‘zining har intervyusida Messini tilga oldi, go‘yoki ovoz beruvchilarga u va Messi o‘rtasida yaxshi munosabatlar o‘rnatilganini singdirish uchun. Doim Yohan Kroyff haqida gapirdi, Kataloniyada avliyo darajasidagi shaxsning o‘ziga bog‘liqligi haqida og‘iz ko‘pirtirdi, hatto uning o‘g‘li Jordi Kroyffni sport direktori qilmoqchi ekanini aytdi. Juda ko‘p marta «Barselona» 6ta sovrin yutgan 2008/09 yillar mavsumini yodga solaverdi – xullas, Laporta kelajak emas, ko‘proq tarix haqida gapirib, muxlislarda emotsiyalar uyg‘ota oldi. Qaysi g‘olib shunaqa qilmagan, ayting, nima bo‘lgandayam, u yutdi. Endi muxlislarga quruq gaplar emas, haqiqiy ishlarni ko‘rsatish davri, xo‘sh, nega «Barselona» muxlislari saylov natijalaridan xursand bo‘lishlari kerak?