«Joriy mavsumda o‘z oldiga yuksak maqsadlar qo‘ygan «Navbahor» uchun har bir o‘yin muhim va finalga teng. Ammo kutilmaganda jamoa 1-turda o‘z maydonida «So‘g‘diyona»ga imkoniyatni boy berdi (0:1). Shu bois, «Navbahor» PFK rahbariyati jamoa murabbiylar shtabida o‘zgarish qilishga qaror qildi. 

Klub rahbariyati qaroriga ko‘ra, shu kungacha klubda maslahatchi – murabbiy sifatida faoliyat olib borgan tajribali mutaxassis Viktor Romanovich Jalilov «Navbahor»ga bosh murabbiy etib tayinlandi», - deyiladi Namangan klubi rasmiy xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Viktor Jalilov «Navbahor»da 1995-2000, 2003-2004, 2010 yillarda faoliyat yuritgan va jamoa bilan birga ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritgan. «Navbahor» tarixidagi yagona chempionlik unvoniga ham 1996 yili Viktor Romanovich davrida erishilgan.