O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Kun.uz saytida e'lon qilingan «Bayonot berish mas'uliyati. O‘zbekiston rasmiylarining vaksina haqidagi gaplari qanchalik asosli?» sarlavhali maqola yuzasidan munosabat bildirdi.
Vazirlik munosabati matni bilan quyidagi manzilda to‘liq tanishib chiqish mumkin.
Innovatsion rivojlanish vazirligining munosabati
Kun.uz’ning maqolasida mas'ullarning bayonotlaridagi o‘zaro farqlar va bir-biriga zid ma'lumotlar qalamga olingandi. Ammo negadir, vazirlik o‘z munosabatida maqoladagi asosiy mavzuni bir chetda qoldirib, «vaksina xavfsizligi va samaradorligiga shubha bildirilgan», deya talqin qilmoqda.
Munosabatda vazirlikni kulgiga qo‘yadigan bir jihat bor. Vazirning birinchi o‘rinbosari Shahlo Turdiqulovaning maqolada tanqid ostiga olingan bayonotiga asos sifatida xorijiy saytlardan birida nashr etilgan ilmiy maqola ko‘rsatilmoqda.
E'tiborga olish lozimki, aynan shu asosga ko‘ra vazirlik Kun.uz’ni noxolislikda ayblamoqda.
Aftidan, vazirlikdagilar o‘zlari tayanayotgan manbani diqqat bilan o‘qib ko‘rmagan. Agar diqqat bilan o‘qigan bo‘lganlarida, sayt sahifasidagi sariq rang bilan alohida belgilab qo‘yilgan eslatmani ko‘rgan bo‘lishardi.
Chunki, u yerda shunday yozuvlar bor: “bioRxiv is receiving many new papers on coronavirus SARS-CoV-2. A reminder: these are preliminary repors that have not been peer-reviewed. They should not be regarded as conclusive, guide clinical practice/health-related behavior, or be reported in news media as established information”.
Tarjimasi: “bioRxiv sayti SARS-CoV-2 koronavirusi haqida ko‘plab ilmiy ishlar qabul qiladi. Eslatma: bular vakolatli mutaxassislar tomonidan ko‘rib chiqilmagan dastlabki hisobotlardir. Ular yakuniy xulosa, klinik amaliyotga qo‘llanma/salomatlik bilan bog‘liq xatti-harakat yoki ommaviy axborot vositalarida qat'iy xulosa sifatida foydalanilmasligi darkor”.


















