Tarixdan chiqarilgan xulosalar va real hayot pandemiyaga barham berishga vaksinadan samaraliroq chora yo‘qligini ko‘rsatyapti.
Binobarin, jahonning eng ko‘zga ko‘ringan laboratoriyalari, eng boy farmkompaniyalari millionlab odamlar yostig‘ini quritgan kasallikka qarshi preparat ishlab chiqishga zudlik bilan kirishdi.
Olimlarning izlanishlari o‘z mevasini berib, vaksinalar birin-ketin milliy regulyatorlar tomonidan tasdiqlana boshladi. AQSh, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Buyuk Britaniya va boshqa iqtisodiy barqaror davlatlar o‘z aholisini emlashni boshlashdi. Bugunga kelib Isroil va Birlashgan Arab Amirliklari aholisining 70 foizidan ortig‘ini to‘liq emlab bo‘lib, jamoaviy immunitetga erishgan ilk davlatlarga aylanishi mumkin.
O‘zbekistonda esa vaksinatsiya hali boshlanganicha yo‘q. Zero, vaziyat shundayki, mablag‘ bo‘lsa ham vaksina olishga imkoniyat cheklangan. Vaksinalarni ishlab chiqish boshlanmasidanoq katta va boy davlatlar farmkompaniyalarga avvaldan pul to‘lab, buyurtma berib qo‘yishgan.
Shunday sharoitda, 17 fevral kuni Respublika maxsus komissiyasining axboroti e'lon qilindi. Axborotda jumladan shunday deyiladi: «[Xitoyning] «Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd» kompaniyasi tomonidan mazkur vaksinani O‘zbekistonda mahalliylashtirish maqsadida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan bir qator farmatsevtika korxonalari faoliyati o‘rganildi, laboratoriya hamda texnik va ishlab chiqarish quvvatlarini inobatga olib, «Jurabek Laboratories» MChJ QK tanlandi».
Yana shunday so‘zlar ham bor: «Shu maqsadda koronavirus infeksiyasiga qarshi ommaviy emlash tadbirlarini tashkillashtirish borasida ko‘rilayotgan choralar, «ZF-UZ-VAC 2001» vaksinasidan 1 million doza xarid qilish va mamlakatimiz aholisini ixtiyoriy ravishda ommaviy emlash tadbirlariga yo‘naltirish masalalasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga muhokamaga kiritish bo‘yicha Respublika Maxsus komissiyasining qarori qabul qilindi».











