Hokimlar va qimmatbaho mashinalar haqida
— Men hokim bo‘lib kelganimdan keyin mashina sotib olganimiz yo‘q. Mengacha bo‘lgan bu avtomobil. Ammo mashinaning ham kerakligi bor, ortiqchasi bor. Ortiqchasi dabdaba, albatta.
Bunday avtomobillar kerak. Nima uchun? Tushuntiraman. Mana, yaqinda Pokistonning Panjob viloyati gubernatori keldi. 110 million aholiga ega katta bir hududning rahbari Namanganga kelish bo‘yicha taklifimizni qabul qildi. Shu kabi yana boshqa ko‘plab xorijiy mehmonlar tashrif buyuradi. Mana shunday mehmonlar yurtimizga kelganida, ularni oddiy mashinada olib yurmaymiz-ku? Bunday chiqimlar o‘zini oqlaydi, sababi, biror investor yo xorijiy hamkor kelganida, albatta, ularni qanday kutib olishimizga ham e'tibor beradi, mana shunday jihatlar hamkorligimizga ta'sirini ko‘rsatadi.
Yana qaytaraman, ortiqcha xarajatlar ortiqcha. Undan ko‘ra mablag‘ni yo‘lga, kommunikatsiyaga, kambag‘allikni qisqartirishga sarflash lozim.
Eng og‘riqli masalalardan biri - yo‘llar

— Eng og‘riqli masalalardan biri bu - yo‘llar. Bu yil o‘tkazgan ilk muhokamam yo‘l bo‘yicha bo‘ldi. Avvallari ichki yo‘llarga umuman ahamiyat berilmasdi. 11 ming kilometr ichki yo‘llarimiz bor. Davlat ahamiyatidagi, xalqaro ahamiyatdagi yo‘llar har yili budjetdan ta'mirlanadi, lekin ichki yo‘llar mahalliy hokimiyat balansida bo‘lgani uchun imkoniyat cheklangan edi.
Yurtboshimiz bu muammoni ko‘rib, uni hal qilish uchun budjetdan 200 mlrd so‘m ajratib berdilar. Biz esa mahalliy budjetdan 100 mlrd so‘m qo‘shadigan bo‘ldik. 1 yilda 300 mlrd so‘m. Bir yilda 1 ming kilometr yo‘l qurish va ta'mirlash ishlarini amalga oshiramiz. 2020 yil bilan solishtiraylik: 17 mlrd so‘m ajratilgan bir yilda. Bu 80 kilometr yo‘l demakdir. Umumiy yo‘llarning 1 foizigina ta'mirlanardi. Endi esa 120 kilometr yo‘lni to‘g‘rilashga ulgurdik. Misol uchun, Farg‘ona yo‘lining bir qismi abgor edi, uni ta'mirladik va ayni paytda aholi bundan juda xursand.
«Bunyodkor» mahallasida ham bu ishlarni amalga oshiramiz, faqat avval suv tortib olishimiz kerak. Mana shu mahalla bahona 24 mahallada ichimlik suvi muammosi hal etiladi. Shuningdek, «Bunyodkor»ga tutash 5-6 mahallaning yo‘llari ravon bo‘lishiga erishamiz.
Yangi Namangan tumanini tashkil qilyapmiz. Bu yerda 140 ming aholi yashaydi. Tuman markazi ham mana shu asosiy yo‘l bo‘yida tashkil etiladi. Bu yerda infratuzilma yaxshilana boshlagach, kichik sanoat zonalariga talabgorlar ko‘paydi. Bu yerda 10 gektar yer ajratilgan, ammo birovga kerak bo‘lmagan. Mana endi tadbirkorlar ushbu yerlarga da'vogar.







