7 aprel kuni Uzbekistan Airways 2021 yilning aprel oyidan boshlab, Toshkent – Moskva – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha muntazam aviaqatnovlar qayta joriy etilishi to‘g‘risida xabar berdi.
Kompaniya axborot xizmatining xabar berishicha, Toshkent va Moskva o‘rtasidagi reys uchun chipta narxi 4,2 million so‘mdan oshmaydi.
Bu parvozlar uchun talab nihoyatda yuqori bo‘lishi avvaldan ma'lum edi. Chunki Rossiya O‘zbekiston uchun uzoq vaqt yopiq bo‘ldi. Juda ko‘pchilik o‘z ishiga bora olmadi. Qolaversa, reyslarning ochilishi bahor oylariga, ya'ni faol migratsiya davriga to‘g‘ri keldi.
Eng muhimi, pandemiyaga qadar bir kunda O‘zbekiston bo‘ylab Rossiyaning turli shaharlariga o‘rtacha 15–20tagacha reys bo‘lgan.
Endi esa haftada bor-yo‘g‘i bitta!
Bu holat darhol chipta tanqisligi va turli qing‘irliklarga yo‘l ochdi.
Chiptalar narxi yaqin kunlardagi reyslar uchun 15 mln so‘mgacha chiqib ketgani haqida xabarlar tarqaldi.
Bu borada ma'lumot olish uchun Uzbekistan Airways kompaniyasiga tegishli markaziy aviakassa bilan bog‘landik. O‘zini «Birinchi operator» deb tanishtirgan aviakassa xodimining aytishicha, Moskvaga uchish uchun eng yaqin aviachipta 17 iyul kuniga (!) bor ekan. Narxi avval e'lon qilinganidan oshmagan – 4 175 000 so‘m.
Tasavvur qilishingiz uchun aniqlik kiritamiz – ikki kun avval narxlari e'lon qilingan reyslar uchun yaqin 100 kunga chipta yo‘q!
Endi chiptani boshqa usullar orqali izlab ko‘ramiz: darhol topildi – savod oqsab yozilgan e'londa Moskvaga chiptalar bemalolligi, faqat narxi boshqacharoq ekani ko‘rsatilgan.

Qiziq, aslida yo‘q aviachiptani qanday qilib qimmatroq narxda topib berish mumkin?
O‘zbekistondan tashqaridagi imkoniyatlarni ham qidirib ko‘ramiz. Bu boradagi ommabop saytlardan biri «Yandeks Puteshestviye»da xorijiy aviakompaniyalar tomonidan chiptalar taklif qilinmoqda. Qizig‘i, chiptalar nisbatan arzon bo‘lish bilan birga yaqin kunlarga ham joylar bor. Istasangiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri reysga qimmatroq yoki Istanbul, Frankfurt kabi shaharlarda bir necha soatlik kutish va almashinuv (peresadka) bilan arzon chiptalar ham xarid qilish mumkin.

















