11:21 / 20.04.2021
32917

Metroda to‘y qilganlarning har biri qariyb 1 mln so‘mdan jarima to‘laydi

IIVning xabar berishicha, Toshkent metropolitenida jamoat tartibini buzgan holda to‘y qilib, uni ijtimoiy tarmoqlarga joylagan shaxslarga nisbatan chora ko‘rilgan.

Vazirlik matbuot xizmatining bayonotida Toshkent metropolitenida rasm va videoga olish taqiqlanmagan, ammo bu jamoat tartib-qoidalarini buzmagan holda amalga oshirilishi kerakligi ta'kidlanadi. Qayd etilishicha, metroga ovqat olib kirish mumkin, lekin uni iste'mol qilish mumkin emas. Jamoat joyida aholi tinchligini buzish hamda karantin tartibi kuchaygan vaqtda tibbiy niqoblarsiz oraliq masofani saqlamay yurish ham mumkin emas.

Metro vagonida video olganlar yuqoridagi qoidalarni buzishda ayblanib, so‘roqqa chaqirtirilgan.

«Metroda rasmga tushish, videoga olish mumkinmi deb so‘raganimizda mumkinligini aytishgan. Lekin vagon ichida osh yesak bo‘ladi deb so‘ramaganmiz. S'yomka qilsak bo‘ladimi deb so‘raganmiz. Yurist bo‘lmaganim uchun bu ishimiz noto‘g‘ri ekaniga ich-ichigacha qiziqib ko‘rmaganman. Yuzaki bilaman ko‘p narsani. Lekin bu darajaga yetishini hech kim – jamoamizdagilar ham, o‘zim ham kutmagan edik. Qilgan ishimizdan afsusdamiz. Bizlarni ko‘rib kimdir metroda yana nimadir uyushtirmasin. Bu yaxshi oqibatlarga olib kelmas ekan», deydi jarimaga tortilganlardan biri.

Qoidabuzarlarning har biriga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlari sudlari tomonidan Ma'muriy javobgarlik bo‘yicha kodeksning 183- (mayda bezorilik), 54- (epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) va 115-moddalariga (metropolitendan foydalanish qoidalarini buzish) asosan bazaviy hisoblash miqdorining 4 barobari (980 ming so‘m) miqdorida jarima tayinlandi.

Avvalroq internetda bir guruh yoshlarning Toshkent metrosi vagonlarida kelinsalom marosimi, xontaxta atrofidagi oshxo‘rlik sahnalari aks etgan videolari tarqalgan, Transport vazirligi ayni paytda ushbu tomoshani uyushtirgan yoshlarning shaxslari aniqlashtirilayotgani, ular albatta javobgarlikka tortilishini bildirgan edi.

2021 yilning yanvarida Toshkent metrosida noma'lum o‘smirlarning vagon yuqoridagi ushlagichlariga oyoqlari bilan osilib turib, g‘alati ovoz bilan baqirayotgani aks etgan video tarqalgan, tergov jarayonida ular Yunusobod tumanidagi 105-maktab o‘quvchilari ekani aniqlanib, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 115-moddasiga binoan jazolanishgandi.

2020 yilning dekabrida Guliston shahri markazidagi chorrahada raqsga tushgan “TikTokchilar” 4 sutkaga qamalgani xabar qilingandi.

Ichki ishlar vazirligi O‘zbekistonda ham katta tezlikda ommalashayotgan TikTok ijtimoiy tarmog‘ida auditoriya orttirish uchun jamoat joylarida turli masxaraomuz va beodob videolar olayotgan tiktokerlarni ma'muriy javobgarlikdan ogohlantirgan edi.

Top