TikTok ushbu ma'lumotlarni to‘plash paytida shaffof harakat qilmaganlikda, qonunda belgilangan ruxsatlarni olmaganlikda va ushbu ma'lumotlardan qanday foydalanish borasida ota-onalar hamda bolalarga yetarli darajada ma'lumot bermaganlikda ayblanmoqda.
Agar TikTok Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqidagi da'volarda aybdor deb topilsa, video almashish dasturidan foydalangan va kompaniyadan zarar ko‘rgan har bir bola nomidan tovon puli talab qilinishi mumkin.
TikTok: Ayblovlar asossiz
TikTok esa ushbu ayblovlar «asossiz» ekanini ta'kidlab, sud idoralari oldida bunga qarshi turishini bildirdi.
«Maxfiylik va xavfsizlik – TikTok’ning ustuvor vazifalaridir. Biz barcha foydalanuvchilarimizni va ayniqsa yosh foydalanuvchilarni himoya qilish maqsadida o‘z siyosatimiz va texnologiyalarimizni kuchaytirdik», deydi TikTok ma'muriyati shikoyatlarga javoban bayonot berar ekan.
Ma'lumot o‘rnida qayd etish joiz, TikTok dunyo bo‘ylab 800 milliondan ortiq foydalanuvchiga ega. ByteDance kompaniyasiga tegishli ilova o‘tgan yili reklamadan 37 milliard dollar foyda ko‘rganini ma'lum qildi.
«Parda ortida yomon niyat bor»
2018 yil 25 maydan beri ushbu ilovadan foydalanib kelayotgan bolalar nomidan sudga da'vo arizasi bilan murojaat qilgan Longfild asosan TikTok’ga e'tibor qaratishini aytdi, chunki dastur «haddan tashqari» ma'lumot to‘plash siyosatiga ega: «TikTok– og‘ir kechgan yilda bolalarga o‘z do‘stlari bilan bog‘lanishda yordam bergan, juda keng tarqalgan ijtimoiy media platformasidir. Ammo komik qo‘shiqlar yoki raqslarning parda ortida juda ko‘p yomon niyatlar bor».
Longfildning ta'kidlashicha, ushbu ilova «ota-onalarni qasddan va muvaffaqiyatli tarzda alday olgan». Oilalar esa qanday ma'lumotlar yig‘ilayotganligini bilish huquqiga ega.

Da'vo bo‘yicha advokatlik ishini yuritayotgan Scott and Scott nomli advokatlik firmasi mutaxassisi Tom Sautvell esa TikTok’ning ma'lumot yig‘ish jarayonlari Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqining ma'lumotlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlariga jiddiy tarzda zid keladi, degan fikrda: «TikTok va ByteDance’ning reklama daromadi o‘z foydalanuvchilaridan yig‘iladigan shaxsiy ma'lumotlarga asoslanadi. Ular orasida bolalarga oid axborotlar ham bor. Ular qonuniy majburiyatlarga va bolalarni himoya qilish bo‘yicha o‘zlarining axloqiy javobgarligiga rioya qilmay turib, ushbu ma'lumotdan foyda olishlari esa qabul qilinishi mumkin bo‘lmagan holdir».
















