O‘zbekiston | 11:47 / 03.05.2021
11220
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda bank mas'ullari bilan til biriktirib, soxta hujjatlar asosida olingan kreditni o‘zlashtirgan shaxs aniqlandi

Surxondaryo viloyati Uzun tumanida fuqaro bank mas'ullari bilan til biriktirib, soxta hujjatlar asosida 120 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini o‘zlashtirgani aniqlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uzun tuman bo‘limi tomonidan tadbirkorlik sub'yektlari huquqlarini himoya qilish yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro B.X. AT «Xalq banki» tuman filialining mas'ul shaxslari bilan oldindan til biriktirgani aniqlangan.

U 4 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va kelgusida ish bilan ta'minlashni va'da qilgan. So‘ng ularning xabardorligisiz va imzolarini qalbakilashtirish orqali 120 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini olib, o‘zining shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlarni qalbakilashtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid