Kun.uz «Iqtisodiy xabarlar tahlili» ruknining navbatdagi sonida moliyachi Otabek Bakirov bilan yer munosabatlari va mulkchiligi, bu boradagi o‘zgarishlarni qanday tartibda o‘tkazish lozimligi haqida suhbatlashdi.

— Yer munosabatlarini tartibga solish borasida o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Fikringizcha, bu qanday tartibda amalga oshirilishi kerak?

Yer munosabatlari 100 yillar davomida bizda ijtimoiy kayfiyatni, odamlarning hayotga nisbatan munosabatini keskin o‘zgartiradigan masalalardan biri bo‘lib kelgan. Shuning uchun, e'tibor bersangiz yer masalasi tufayli tuzumlar, yechimlar turlicha bo‘lgani sababli davlatlar o‘zgargan. Shu sabab bu masalada juda ham ehtiyotkorlik va noziklik bilan munosabatda bo‘lish kerak deb hisoblayman.

Ikkinchidan, bu masalada biz ijtimoiy shartnoma, ya'ni davlat va jamiyat o‘rtasidagi qonun asosida ish ko‘rsak, bu munosabatlar samimiyroq va to‘g‘riroq bo‘ladi. Bu qaysidir tarafning haq-huquqlari buzilishining oldini oladi. Yer borasida kutilayotgan o‘zgarishlarni ijtimoiy shartnoma va qonun doirasidagi qabul qilingan holatda boshlashimiz kerak bo‘ladi. Bu eng asosiy bildiradigan fikrim va bu o‘zgarishlarni qonun darajasidagi me'yoriy hujjat asosida belgilab olishimiz kerak va bu qonun keng muhokamalar asosida qabul qilinishi darkor.

Chunki bizning asrlar davomidagi hayot tarzimiz va o‘zaro ijtimoiy munosabatlarimizni ham yer masalalari belgilab kelgan. Ba'zi bir davlatlar yer masalalari yuzasidan shoshma-shosharlik bilan qaror qabul qilishi natijasida ko‘p muammolarga duch keldi. E'tibor bersangiz qo‘shnimiz Qozog‘istonda yer bilan bog‘liq qonunchilikda dastlab yerni xususiylashtirishda xorijiy davlat fuqarolari yoki rezidentlari ishtirok etishi mumkinligi bilan bog‘liq holat kuzatilgani juda ko‘p ijtimoiy noroziliklarni keltirib chiqardi va oxir-oqibatda oradan 1-1,5 yil vaqt o‘tgandan keyin ular qonunchilikdan bu normalarni olib tashlashga majbur bo‘lishdi.

— Yer munosabatlarini tartibga solishda nimalarga e'tibor qaratish kerak deb hisoblaysiz?

Yuqorida ta'kidlab o‘tganimdek, bilvosita ham, bevosita ham xorij fuqarolari O‘zbekistondagi yer uchastkalarini xususiylashtirish jarayonida ishtirok eta olmasligi lozim. Bu juda ko‘p davlatlar uchun asosiy prinsip. Davlatning sub'yektivligi, suvereniteti, mahalliy aholiga hurmat, asrlar davomida shu zaminda yashab kelayotgan aholi kayfiyatidan kelib chiqib shunday qilinadi.