16 iyun kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Jyenevada AQSh prezidenti Jo Bayden bilan uchrashdi.

Vladimir Putin va Jo Bayden muzokaralari qariyb to‘rt soat davom etdi — 1 soat 45 daqiqa davomida tor doiradagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi, tanaffusdan so‘ng prezidentlar keng doirada uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv yakuniga yetganidan so‘ng Rossiya prezidenti jurnalistlarning savollariga javob berdi.

Foto: Reuters

Muzokaralar natijalari

«Amerika va Rossiya elchilari o‘z ish joylariga qaytadi».

Strategik barqarorlik bo‘yicha qo‘shma bayonot imzolandi: «Biz yadroviy urushda g‘oliblar bo‘lmasligi va bu urush hech qachon yuz bermasligi tamoyiliga sodiqligimizni tasdiqlaymiz».

«Mahbuslar almashish masalasida murosaga kelishimiz mumkin. Rossiya tashqi ishlar vazirligi va AQSh davlat departamenti bu yo‘nalishda ishlaydi».

Bayden to‘g‘risida

«Tajribali, konstruktiv yetakchi, hamma rahbarlar bilan ham bunday batafsil suhbat bo‘lavermaydi».

«Menda u bilan «bitta tilda» suhbatlashgandek taassurot hosil bo‘ldi».

«Bayden hozircha meni mehmonga taklif qilmadi, men ham bunday taklif bilan chiqmadim. Buning uchun ma'lum bir sharoit paydo bo‘lishi kerak».

Foto: Reuters

Baydenning Putinni qotil degani to‘g‘risida 

«Keskin bayonot borasida: nima ham derdim, bu bayonot haqida hammamiz bilamiz. Shundan keyin Bayden menga qo‘ng‘iroq qildi, gaplashib oldik. Uning izohlari meni qanoatlantirdi».

«Kim va qayerda hamda nimada aybdorligi, kim qotilligi borasida: Amerika shaharlaridagi ko‘chalarda har kuni kimnidir o‘ldirishadi, jumladan, turli tashkilotlar yetakchilarini ham. U yerda bir so‘z aytishga ulgurmaysan – yo ko‘ksingdan yo ortingdan o‘q uzishadi».