Ma'lum qilinishicha, «Hududgaz Qashqadaryo» gaz ta'minoti filiali yetakchi muhandisi S.Ch. joriy yil 10 fevralda «Bog‘ishamol» MChJ (tadbirkorlik sub'yektining nomi o‘zgartirilgan) da o‘rganish o‘tkazib, tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

Ammo mazkur o‘rganish «Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimi»ga ro‘yxatga olinmagan hamda ayrim tekshirish tartiblariga rioya qilinmagan holda amalga oshirilgan.

«Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunning 39-moddasiga ko‘ra, tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatining nazorat qiluvchi organlar tomonidan o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlari «Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimi»da ro‘yxatga olinishi shart.

Qayd etilishicha, Biznes-ombudsman devonining Qashqadaryo viloyati xodimlari tomonidan mazkur qonunbuzilish holati yuzasidan tadbirkorning manfaati sudda himoya qilingan.

Yuqoridagilarga muvofiq jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi tuman sudining joriy yil 23 iyundagi qarori bilan «Hududgaz Qashqadaryo» gaz ta'minoti filiali yetakchi muhandisi S.Ch.ga nisbatan 2 million 450 ming so‘m jarima jazosi qo‘llanilgan.