Yangi O‘zbekiston universitetida iqtidorli talabalarning ta'lim olishini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat grantlari tatbiq etiladi. Bu haqda Kun.uz'ga Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi matbuot xizmati ma'lum qildi.
Qayd etilishicha, davlat grantlari quyidagilarga beriladi:
- xalqaro darajadagi tegishli dasturlar (International Baccalaureate, Advanced Placement, International Advanced Levels) diplomi yoki sertifikatiga ega Prezident maktablari bitiruvchilari;
- universitetga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan Xalqaro matematika olimpiadasi (IMO), Xalqaro fizika olimpiadasi (IPhO), Xalqaro kimyo olimpiadasi (IChO), Xalqaro biologiya olimpiadasi (IBO), Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI) g‘oliblari;
- universitetga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalar farzandlari;
- agentlik tizimidagi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun ajratiladigan qabul parametrlariga muvofiq kirish imtihonlari asosida ushbu maktablar bitiruvchilari;
- universitetga kirish imtihonlarida yuqori ball to‘plagan O‘zbekiston fuqarolari.
Universitetda ta'lim jarayoni 2021/22 o‘quv yilidan boshlanadi hamda davlat va ingliz tillarida, kredit-modul tizimi asosida olib boriladi.



2021/22 o‘quv yili uchun arizalar qabuli 15 iyuldan 31 iyulga qadar, onlayn shaklda, newuzbekistanuniversity.uz sayti orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, Yangi O‘zbekiston universiteti Myunxen texnika universiteti (TUM International GmbH) bilan hamkorlik qiladi, Massachusets Texnologiya instituti (J-WELL Abdul Latif Jameel World Education Lab) bilan o‘quv dasturlari ishlab chiqish, almashish va malaka oshirish doiralari bo‘yicha va Kembrij universiteti (Cambridge Assessment International Education) bilan kirish imtihonlarini ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik olib boradi.

























