24 iyul kuni Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Davlat xizmatlari ko‘rsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish

chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon bilan 2022 yil 1 yanvardan boshlab jismoniy shaxslarga ayrim faoliyat turlari bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi malaka sertifikatlarini berish hamda ularni ushbu maqsadda attestatsiyadan o‘tkazishning quyidagi tartibi joriy etiladi:

– malaka sertifikatlarini berish va attestatsiyadan o‘tkazish uchun murojaatlar elektron shaklda qabul qilinadi;

– malaka sertifikatlarini berish uchun o‘tkaziladigan imtihon jarayonlari uzluksiz videotasvirga (ovozli) tushiriladi va videotasvir kamida bir yil saqlanadi;

– malaka sertifikatlarini berish va attestatsiyadan o‘tkazish uchun jismoniy shaxslardan undiriladigan to‘lovlar davlat xizmatlari ko‘rsatilganligi uchun to‘langan davlat bojlari va yig‘imlar summasi hisobini yurituvchi Yagona billing tizimi orqali amalga oshiriladi;

– talabgorlardan imtihon olishda savollar test ko‘rinishida kompyuter vositasi orqali olinadi va natijasi shu vaqtning o‘zida ma'lum qilinadi (alohida iqtidor hamda amaliy sinovlar talab etiladigan yo‘nalishlar bundan mustasno);

– malaka sertifikatlari va attestatsiya guvohnomalari QR-kod qo‘yilgan holda rasmiylashtiriladi.