Avtokompaniya bayonotida bunday chora ko‘rilishiga sabab bir shaxs tomonidan avtomobillarni sotib olish uchun 10, 20, hattoki 200ta kelishuv shartnomalari tuzilganlik holatlari aniqlangani sabab bo‘lgani aytiladi.
Kompaniya bunga chek qo‘yish uchun o‘z savdo ma'lumotlar bazasini Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining yangi avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish bazasi bilan sinxronlashtirishni taklif etmoqda. Ikki axborot tizimi o‘rtasida ma'lumotlar almashuvi dastlab tajriba tariqasida Toshkent shahrida, keyinchalik respublika miqyosida joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Bu holat yangi avtomobil tanqisligi sharoitida mashina uchun to‘lov qilib, o‘z navbatini sotayotgan fuqarolar paydo bo‘lgani va ularga qarshi kurash chorasi sifatida baholangan.
Qaysidir ma'noda bu qarorni «shapka» deya ataluvchi holatlarning oldini olishga nisbatan ijobiy chora-tadbir sifatida baholash mumkindir. Ammo tanganing boshqa tomoniga e'tibor qaratilsa, bu jamiyatdagi xususiy mulkdor huquqlarining qo‘pol tarzda buzilishi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning 2-moddasida xususiy mulk bo‘lgan mol-mulkning miqdori va qiymati cheklanmasligi belgilangan.
Fuqarolik kodeksining 207- moddasida davlat xususiy mulkning but saqlanishini ta'minlash va uning ko‘paytirilishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishi ta'kidlangan.
Mazkur kodeksning 354-moddasida esa fuqarolar va yuridik shaxslarning shartnoma tuzishda erkinligi qayd etilgan.
Lekin bizda doim shunday: nimadir qilishmoqchi bo‘lsa, bunga erishish uchun darrov turli cheklov va taqiqlar o‘ylab topiladi va darhol amalga tatbiq etiladi.
O‘ylab topilib, joriy qilinayotgan taqiqlar va cheklovlar davlatning qonunlari va bozor qonuniyatlariga muvofiq keladimi-yo‘qmi, qanday oqibatlar keltirib chiqarishini o‘ylab ko‘rish esa hech kimning xayoliga kelmaydi. Kelsa ham, bunga amal qilishni istashmaydi. Sababi ma'lum — ko‘pgina cheklovlar monopoliyalar manfaatlarini ko‘zlab amaliyotga tatbiq etiladi.

















