Bugun Kun.uz’da Qashqadaryoda IIB xodimlari tomonidan fuqaro o‘ldirib qo‘yilgani haqida xabarlar tarqalgani va viloyat IIB va Qarshi tumani prokuraturasi tomonidan o‘rganilayotgani haqida xabar berilgan edi. Viloyat IIB axborot xizmati mazkur hodisa tafsilotlarini ochiqladi. Unga ko‘ra fuqaro ichki ishlar bo‘limida emas, balki Qarshi tumanida joylashgan narkologiya dispanserida vafot etgan. Ammo marhumning ukasi akasining urib o‘ldirilganini aytmoqda.

Ma'lum qilinishicha, Nishon tumani «Kaptarli» MFYda yashovchi ayol J.S. 2021 yil 25 iyul kuni soat 19:30larda Nishon tumani IIB HPB TP profilaktika katta inspektori X.I.ning xizmat uyiga kelgan. Inspektorga, eri M.M. Toshkentdan uyga mast holda kelib, qo‘liga pichoq olib janjal qilayotganini, agarda unga chora ko‘rmasa, boshqa salbiy oqibatlar kelib chiqishi mumkinligini aytgan.

X.I. fuqaro J.S.ning yashash xonadoniga borgan vaqtda M.M. mast holda xotinini haqorat qilib, inspektorning qonuniy talabiga bo‘ysunmagan. Shundan so‘ng X.I. qo‘shni «Shirinobod» MFY profilaktika inspektori P.X.ni chaqirgan. P.X. bilan «Shirinobod» MFYda yashovchi jamoatchilik vakili fuqaro G.A. birga kelgan.

Inspektor X.I. kelgusida oilada jinoyat sodir bo‘lishining oldini olish maqsadida fuqaro J.S.ga erini narkologiya dispanseriga majburiy tartibda yotqizish bo‘yicha ariza yozib berishi lozimligini tushuntirgan. Biroq fuqaro J.S. tuman IIB boshlig‘i nomiga ariza yozib berishdan bosh tortgan.

Inspektor X.I. holatni tegishli tartibda hujjatlashtirish maqsadida M.M.ni mahalla binosiga olib borib, MFYning 2021 yil 25 iyul kundagi 2-sonli bildirish xatiga asosan, 2021 yil 25 iyul kuni soat 23:20da Qarshi tumani «Mirmiron» MFY hududida joylashgan viloyat narkologiya dispanseriga aloqa xati bilan chiqib ko‘rikdan o‘tkazgan.

Ko‘rikdan o‘tkazish davomida, marhum M.M.ga «mastlikning o‘rta og‘ir darajasi» tashxisi qo‘yilib, tanasida jarohatlar bor yoki yo‘qligiga aniqlik kiritish bo‘yicha tibbiy ko‘rik o‘tkazilgan. Tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra, kasallik tarixi ochilib, vrachning majburiy tartibda davolanish to‘g‘risidagi yo‘llanmasi asosida M.M. narkologiya dispanseriga yotqizilgan.

Qayd etilishicha, 2021 yil 26 iyul kuni soat 20:45larda, Qarshi tuman IIBga fuqaro M.M. to‘satdan narkologiya dispanserida vafot etgani ma'lum qilingan.