Yangi O‘zbekiston universiteti o‘quv yo‘nalishlari va qabul kvotalari tasdiqlandi, deb xabar bermoqda Prezident ta’lim muassasalari agentligi matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, universitetning o‘quv yo‘nalishlari va qabul kvotasi quyidagicha etib belgilangan:

  • Mexanika muhandisligi (100 o‘rin)
  • Kimyo muhandisligi (100 o‘rin)
  • Dasturiy ta’minot muhandisligi (100 o‘rin)

Universitetga kirish uchun talabgorlardan quyidagi hujjatlar so‘raladi:

–       pasport nusxasi (doimiy propiska sahifasi bilan);

–      umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjat;

–      ingliz tilini bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikat (eng kamida IELTS 6.0 / TOEFL iBT 60 / Duo Lingo 95);

–      Oxirgi uch oy ichida olingan fotosuratning elektron varianti.

Ma’lumot uchun, Yangi O‘zbekiston universitetiga qabul joriy yilning 15 avgust kuni soat 18:00ga qadar davom etadi.

Avvalroq, Prezident ta’lim muassasalari agentligi rahbari Hilola Umarova universitetda o‘qish uchun aytilgan kontrakt narxi (1 semestrda mahalliy talabalarga 24 mln 850 ming so‘m, xorijiy talabalarga 5 ming dollar) tasdiqlanmagani va hisob-kitob bo‘yicha to‘lov-kontrakt miqdori undan ham qimmat bo‘lishi mumkinligini bildirgandi