1 avgust kuni tushga yaqin Zomin tumani “Duoba” MFY O‘riklisoy qishlog‘idagi dala maydonida yong‘in sodir bo‘lgan edi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati dastlab yong‘in joyiga 4 ta yong‘in-qutqaruv bo‘linmasi hamda 24 nafar shaxsiy tarkibdan iborat bo‘linmalar yetib borgani, yong‘inni o‘rab olish ishlari boshlanganini ma'lum qilgandi.

Keyinroq yong‘in hududi kengayib ketishining oldini olish va uni butunlay o‘chirish uchun FVVdan yana qo‘shimcha 350 dan ortiq shaxsiy tarkib, Mudofaa vazirligidan 4 ta vertolyot, shuningdek, Milliy gvardiya, Ichki ishlar, Davlat ekologiya qo‘mitasi va boshqa tashkilotlarning kuch va vositalari jalb etilgandi.
Yong‘in oqibatida 80 gektar maydondagi o‘simlik va dov-daraxtlar yonib ketgani, o‘sha kuni soat 18:20 da xavf batamom bartaraf etilgani aytildi.
Ammo haligacha rasmiy manbalar yong‘in kelib chiqish sababi va tabiatga yetgan zarar miqdori haqida aniq ma'lumot bermadi.

Kun.uz'ga yetib kelgan ma'lumotda yong‘in Jizzax viloyati hokimining o‘g‘li yoki Zomin tumani hokimining ukasining nomida bo‘lgan dala hovlida olib borilayotgan qurilish (payvandlash ishlari) vaqtida kelib chiqqani aytiladi.
“Yong‘in chiqqan joy qo‘riqxona hududi bo‘lib, u yerda har kim ham qurilish ishlari olib borishga yoki yerdan o‘zi istaganicha foydalanishga qodir emas. Asosan viloyat yoki tuman kattalariga tegishli obektlar, dam olish maskanlari bor. O‘sha kungi yong‘in Zomin tumani hokimining ukasiga tegishli dachada (aslida hokimning dala hovlisi, deyilmoqda) payvandlash ishlari olib borilishi vaqtidagi ehtiyotsizlik oqibatida o‘rmonga alanga o‘tib ketgan.
Dala hovlining shundoqqina o‘rmonga tutash ekaniga guvoh bo‘lish mumkin. Payvandlash vaqtida bir nechta usta yigitlar va mahalliy aholi ham o‘sha joyda bo‘lgan. Ustalarni IIB xodimlari so‘roq qilish uchun olib ketishgan”, – deydi Kun.uz manbasi.










