Shunday davrda yashayapmizki, shubhali havolaga bir marta bosib kirishimiz bizga juda qimmatga tushishi mumkin. Albatta, bunda kartasida ko‘p pul bo‘lmagan kishi mablag‘ yo‘qotmasligi mumkin, ammo bu tuzoqqa bank xodimi tushsa nima bo‘lishini tasavvur qilyapsizmi?

2015 yilda dunyoning 30dan ortiq davlatlarida joylashgan 100ga yaqin bank Carbanak deb nomlangan virus qurboniga aylangan. Virus quyidagi mexanizmda ishlaydi. Dastlab bank xodimining pochtasiga uni qiziqtirib oladigan xabar jo‘natiladi. Xabar ichida word, excel yoki pdf fayl bo‘ladi. Xodim faylni ochishi bilan virus tizimga o‘rnashib olib, hakerga eshik ochadi. Buni back door deyishadi. Agar xodimning kompyuteri serverga ulangan bo‘lsa, haker nafaqat uning kompyuteriga, balki butun bank tizimiga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritadi va turli yo‘llar bilan bankdan pul o‘marish operatsiyasini boshlaydi.

Carbanak orqali banklarga hujum qilgan uyushgan kiberjinoiy guruh xuddi shu usulda masofadan turib, 1 milliard dollar o‘margan. Bu voqea xuddi Hollivud filmi ssenariysiga o‘xshaydi va qaysidir uzoq mamlakatda bo‘lgandek tuyiladi.

Hozir sizga tanishtirmoqchi bo‘layotgan hamyurtimiz ham bundan qolishmaydigan voqeani boshidan o‘tkazgan.

O‘zim asli vodiylikman, 10 yil Rossiyada yashadim. Ishdan bo‘sh vaqtlarimda bukmekerlik kontorasida futbol ko‘rardim va ora-orada stavka qilib turardim. Stavkaning orqasidan kiberjinoyat olamiga kirib qolaman, deb o‘ylamagandim. Bolalar bilan futbol ko‘rardik. U yerda yonida doim puli bo‘ladigan va yaxshi mashinada yuradigan bir yigit bilan tanishib qoldim. Keyin u bilan qiziqib, qayerdan pul ishlab olishini surishtira boshladim. Aytishicha, u telegramda stavka sotish bilan shug‘ullangan. O‘zingiz futbolni tushunmasangiz, ularning telegram kanalidan taxmin sotib olasiz, ya'ni ular sizga futbol o‘ynayotgan jamoalarning qaysi biri bugungi o‘yinda yutishini taxmin qilib beradi. U bloger Xizaning loyihasini yuritadigan bola bo‘lib, uning vazifasi Xizaning auditoriyasini ushlab turish bo‘lgan. U pul tikish orqali qancha pul topayotganini videoda ko‘rsatib odamlarni ishontiradi. Odamlar pul tikkach, xizachilar bundan yaxshi pul topishadi.

U menga bu tizim qanday ishlashini, qanaqa pul aylanishini tushuntirib berdi. Shundan keyin menda ham shunaqa loyiha qilish uchun ishtaha ochildi. Menga loyihada ishimni reklama qilib beradigan yuz kerak edi. Buning uchun bloger qidirishni boshladim. Ruslan degan bolani topdim. U menga auditoriyani saqlab berishi, ya'ni o‘zining instagramdagi obunachilarini telegramda yig‘ib berishi, men esa telegram kanalga keladigan trafikni ushlab qolishim kerak edi. Daromad ikkimizga teng taqsimlanishiga kelishdik.