O‘zbekiston | 09:17 / 06.10.2021
6618
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda 100dan ortiq bog‘cha mudirasiga oylik maoshidan 30 foizlik ushlanma jazosi tayinlandi

Foto: Kun.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatidagi 100dan ortiq bog‘cha mudirasiga oylik maoshidan 30 foizlik ushlanma jazosi tayinlangani haqida xabarlar tarqalgan. Viloyat Maktabgacha ta'lim boshqarmasi mazkur xabarlarga munosabat bildirdi.

Munosabatda ma'lum qilinishicha, bog‘cha mudiralariga ushbu jazo 2021 yil 8 sentyabrdagi Maktabgacha ta'lim vazirligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishining 11-sonli bayoniga asosan berilgan.

Qayd etilishicha, axborot tizimida qanday ishlash, kamchiliklarga va mas'uliyatsizlikka yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha barcha bog‘chalarga o‘z vaqtida tegishli ko‘rsatma, tavsiyalar berib borilgan.

Shundan so‘ng, bog‘cha mudirlari faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqqan holda axborot tizimida xatoliklarga yo‘l qo‘yilgani uchun ularga o‘rtacha oylik ish haqining o‘ttiz foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorida jarima intizomiy jazo choralari qo‘llangan.

Ta'kidlanishicha, ayni paytda viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmasi tomonidan ishchi guruhi tuzilgan. O‘z lavozim majburiyatlarini bajargan holda OpenEMIS axborot tizimiga kiritiladigan ma'lumotlardagi kamchiliklarni bartaraf etgan davlat bog‘chalari mudiralariga qo‘llangan intizomiy jazoni yengillatish choralari ko‘rilmoqda.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid