Joriy yil 8 oktabr kuni Kattaqo‘rg‘on shahridagi xonadonlardan birida gaz portladi. Aniqlanishicha, mazkur xonadon yaqinidan AGQShga tortilgan yuqori bosimli gaz quvuri o‘tgan va undan sizib chiqqan gaz portlagan. «Hududgaz Samarqand» gaz ta'minoti matbuot xizmatining xabar berishicha, aholi xonadonlari yaqinidan o‘tgan gaz quvurlarini ko‘chirish choralari ko‘rilmoqda.

Joriy yil 8 oktabr kuni Kattaqo‘rg‘on shahridagi Ko‘hnadam mahallasi Toshkent ko‘chasi 145-xonadonda gaz portladi. Hodisa yuzasidan o‘tkazilgan dastlabki surishtiruvlarda aniqlanishicha, mazkur xonadon gaz tarmog‘iga ulanmagan. Portlash uning yaqinidan AGQShga tortilgan yuqori bosimli gaz quvuridan sizib chiqqani tufayli sodir bo‘lgan.

Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, Kattaqo‘rg‘on shahar Ko‘hnadam mahallasi Toshkent ko‘chasida, portlash sodir bo‘lgan xonadon yaqinidan bir nechta katta va kichik bosimli gaz quvurlari o‘tkazilgan. Ushbu quvurlarning bittasidan aholiga gaz borgan. Qolganlari esa Kattaqo‘rg‘on shahrida joylashgan avtomobillarga siqilgan gaz quyish shoxobchalariga tegishli yuqori bosimli gaz quvurlari bo‘lgan.

Qayd etilishicha, gaz quvurlariga yaqin joylashgan xonadonlar egalari mazkur gaz quvurlarni ko‘chirish uchun mutasaddi tashkilotlarga bir necha bor murojaat qilgan. Ammo ularning murojaatiga jiddiy qaralmagan va gaz quvurlari xavfli emasligi haqida javob yo‘llangan. Jumladan, aholi murojaatlariga javoban yuborilgan viloyat hokimi o‘rinbosari A.Shukurovning xatida mazkur obektlarni ishlatish jarayonida xavfsizlik qoidalariga rioya etish borasidagi huquqiy hujjatlar ijrosini ta'minlash maqsadida «Sanoatgeokontexnazorat» mutaxassislari tomonidan ekspertiza o‘tkazilgani, barcha loyiha hujjatlari davlat standartlariga mos tuzilgani, normativ hujjatlarda belgilangan talablarga to‘liq mosligi ta'kidlab o‘tilgan.

«Hududgaz Samarqand» gaz ta'minotining ma'lum qilishicha, portlashdan so‘ng, hodisa yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilgan. Hodisaning sababini o‘rganish uchun yerosti tarmoqlari ochib ko‘rilganda xususiy tadbirkorga tegishli bo‘lgan quvurdan sizib chiqqan gaz portlashga sabab bo‘lgani aniqlangan. Endilikda mazkur hududdagi gaz tarmoqlarini boshqa joyga ko‘chirish choralari ko‘rilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bu kabi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalarga aholi punktlari uzra tortilgan yuqori bosimli gaz quvurlaridan gaz sizib, xonadonlarda portlash sodir bo‘lgani borasidagi birinchi voqea emas. Ularning ayrimlari avval ham Kun.uz’da yoritilgan.