27 oktabr — iste'fo kuni
«Rayo Valekano»ga qarshi mag‘lubiyatdan keyin «Barselona» direktorlari kengashi Ronald Kumanni iste'foga chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilishi voqealar rivojining mantiqiy va kutilgan davomi bo‘ldi. Nursiz o‘yin, «Bavariya», «Atletiko» va «Real» kabi top-raqiblarga qarshi o‘yinlarda butunlay ilojsizlik holati, muxlislarning noroziligi (ular «Kamp Nou»dagi klasikoda mag‘lubiyatga uchralgach, bosh murabbiyning avtomobiliga hujum qilishdi), barchasi iste'foga yetaklayotgandi.

58 yoshli mutaxassisning iste'fosini faqat klubdagi og‘ir moliyaviy holat va shartnoma bir tomonlama bekor qilinishi uchun to‘lanishi kerak bo‘lgan ortiqcha 13-14 million yevro yo‘qligi kechiktirib kelayotgandi. Shundan 6 million yevro — Kuman o‘z orzusini amalga oshirish uchun Niderlandiya termasini tark etganida o‘z yonidan xarjlagan mablag‘ edi. «Barsa» bu mablag‘ni 2022 yilda u bilan shartnoma yana bir yilga uzaytirilmagan taqdirda ham murabbiyga qaytarishi kerak edi.

Prezident Joan Laporta, albatta, doimiy ravishda Kuman ishdan olinmasligini ma'lum qildi va unga og‘ir vaziyatlarda jamoa bilan ishlashga tayyorligi uchun minnatdorchilik bildirish kerakligini aytdi. Ammo bu gaplarni aytish unga naqadar qiyin bo‘lganini sezish qiyin emas. U ilk marta murabbiyni himoya qilib chiqishi Kuman rahbariyatning qo‘llab-quvvatlovini sezmayotganidan g‘azablanib, matbuot anjumanlaridan birida savollarga javob berishdan bosh tortganida kuzatildi.

O‘shanda Laportaning so‘zlari ko‘proq vaziyatni yumshatish uchun va murabbiy bir yil oldin bo‘lgani kabi muvaffaqiyatga erishib, barchani qutqarishiga bo‘lgan umid ohangida yangragandi. Shu bilan birga prezident «Barselona» uchun qabul qilib bo‘lmaydigan narsalar haqida ham gapirgandi. Mag‘lubiyatlar uni ham achchiqlantirgani sir emasdi, ammo u nafaqat natijalardan, balki murabbiy klub falsafasiga mos kelmayotganidan norozi bo‘layotgan direktorlar kengashi a'zolarining ixtiyoriga zid o‘laroq, qat'iy qadamlar tashlashdan saqlandi.

Lekin vaziyat ortiq chidab bo‘lmas nuqtaga yetganida rahbariyatda shunchaki boshqa yo‘l qolmadi. Qolaversa, 27 oktabr oddiy kun  emasdi, bir yil muqaddam ko‘k-anorranglilar klubini og‘ir iqtisodiy inqiroz holatiga keltirib qo‘ygan sobiq prezident Jozep Bartomeu ham iste'foga chiqqandi.

Falkao Kumanni iste'foga jo‘natdi, «Roma» iroda ko‘rsatdi, «Bavariya» yakson etildi. Kuchli beshlikda kun o‘yinlari