«O‘tgan hafta oxirida ayrim blogerlar va OAV tomonidan qo‘mitamizda xodimlar ommaviy ravishda ishdan ketayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Lekin bu haqiqatdan yiroq, ya’ni xodimlar lavozimlarini ommaviy ravishda tark etayotgani mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu tabiiy ravishda yuzaga keladigan jarayon. Kimdir lavozimini tark etadi, kimdir uning o‘rniga keladi.

Qo‘mitamiz 2019 yilda qayta tashkil etilgandan so‘ng xodimlarni moddiy rag‘batlantirishni birmuncha yaxshiladik. Ikki yil ichida ijtimoiy paket bosqichma-bosqich raqobatbardosh darajaga chiqarildi. Kerak bo‘lsa, davlat organlari bilan ham, xususiy sektor bilan ham bemalol raqobatlasha oladigan ijtimoiy paket shakllantirildi.

Foto: Kun.uz

Xodimlar ishdan ketayotgani tabiiy ro‘y berayotganini quyidagicha tushuntirib o‘taman. Qo‘mitadan ishdan ketgan aksariyat rahbar-xodimlar boshqa davlat organlari, yirik kompaniyalarga teng yoki kattaroq lavozimlarga ishga o‘tishdi. Bu tabiiy hol. Bu yerdan qandaydir negativni izlashimiz umuman noto‘g‘ri. Qo‘mita shtat rejimida faoliyat yurityapti. Faoliyatimizga ta’sir qiluvchi hech qanday omil yo‘q bugungi kunda. Ketayotganlar o‘z ixtiyori bilan ketyapti, qo‘mitadan norozi emas deb aytsak, vaziyatga nisbatan obektiv baho bergan bo‘lamiz», deydi Farrux Qoraboyev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi xodimlari o‘z lavozimlarini ommaviy ravishda tark etmoqda. Nega?

Qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimini tark etgan xodimlardan ikki nafari Toshkent shahrining Olmazor hamda Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanlarida hokim o‘rinbosari etib tayinlangani, ayrimlari Olmaliq kon metallurgiya kombinati, Respublika tovar-xomashyo birjasi AJ, «O‘zbekiston respublika valuta birjasi» AJ ishga ketishgani, yaqinda lavozimini tark etgan xodimlar «Uzbekistan Airports» AJga ishga kirmoqchiligini aytib o‘tdi.

Qo‘mita rasmiysi dastavval yil boshidan buyon 25 nafar xodim ishdan ketgani, biroq ayni davrda 21 nafar yangi xodim ishga olinganini ta’kidlagan bo‘lsa, intervyu davomida ayni paytda 21ta lavozim vakant ekanini aytib o‘tdi. Qo‘mita mulozimidan so‘nggi ikki oyda necha kishi ishdan bo‘shagani haqida qayta-qayta so‘ralgan bo‘lsa-da, ushbu savol ochiq qoldirildi.