Kun.uz muxbiri antimonopol organ faoliyatidagi bunday tub burilish qo‘mita rahbariyatining o‘zgarishi bilan qanchalik bog‘liqligiga qiziqdi. Bu haqdagi savolga javoban qo‘mita raisining o‘rinbosari Farrux Qoraboyev avvalgi va hozirgi rahbarni shov-shuvli keyslar bilan solishtirish to‘g‘ri emasligini aytdi.

“Ikkita rahbarni solishtirish, ayrim shov-shuvli keyslar bilan faoliyatini baholash noto‘g‘ri hisoblanadi. Chunki bugungi kunda ham qo‘mitamizning ikki yarim yil ichida reputatsiyasini shakllantirgan, umuman, qo‘mitaning jamoatchilik o‘rtasida obro‘ qozonishiga zamin yaratgan aksariyat xodimlar shu yerda. To‘g‘ri, ayrimlari turli sabablarga ko‘ra ishdan ketdi. Faqatgina qo‘mitaning faoliyatini yoritish masalasida kamchilik bor.

Hozir ham ayrim vazirlik-idoralar raqobatga zid qonun hujjatlari loyihalarini kiritishadi. Biz bu bo‘yicha o‘zimizning fikrimizni bildiramiz, pozitsiyamizni bayon qilamiz. Lekin hamisha ham buni ommaga e'lon qilmaymiz. Birgina 2021 yilni oladigan bo‘lsak, 9 oy ichida ikki yuzdan ortiq normativ-huquqiy hujjat loyihalarining 57 foizida raqobatga zid normalar aniqlangan. Agar qabul qilingan hujjatlar bilan birga qo‘shib hisoblasak, davlat organlarining “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunga zid bo‘lgan 890ta qarori bekor bo‘lgan. Bu 2020 yilga nisbatan 2-3 barobar ko‘p ko‘rsatkich hisoblanadi”, – dedi Farrux Qoraboyev.

Foto: AOKA / Farrux Qoraboyev

Garchi Farrux Qoraboyev buni tan olmasa-da, qo‘mita rahbari o‘zgarganidan keyin qo‘mita vakolatlariga bevosita daxldor masalalar bo‘yicha bayonotlar berish to‘xtab qolgani rost. UzAuto Motors Captiva 5 avtomobillarini sotish fikridan qaytgani, avtomobil uchun to‘lov qilib qo‘ygan mijozlarning puli qaytarilishini ma'lum qilgandi.

Bungacha esa kompaniya oktabr-noyabr oylarida yetkazib berilishi shart bo‘lgan Lacetti va Labo bo‘yicha shartnomalar 2 oyga kechikishi haqida ogohlantirdi, so‘ngra noyabr va dekabrda chiqishi kerak bo‘lgan barcha turdagi avtomobillarni yetkazib berish 2 oyga kechiktirilishini ma'lum qildi