
Kun.uz’ga navbatdagi murojaat Qarshi shahrida joylashgan Otchopar mahallasidan bo‘ldi. Ushbu mahallada yashovchi Begzod Sattorov bir guruh fuqarolar nomidan bugun mahalla ahlini qiynayotgan muammolarni bayon qildi.
B.Sattorovning ma'lum qilishicha, Otchopar mahallasi mustaqillik yillarida Qarshi shahri chetida shakllangan katta mahallalardan biri hisoblanadi. Bu yerda turli infratuzilma masalalari, shuningdek, maktab, bog‘cha kabi ijtimoiy binolarning qurilishiga uzoq yillar davomida panja orasidan qarab kelingan.
Ko‘chalarni asfalt qilish u yoqda tursin shag‘al ham to‘kilmagan, ichimlik suvi hamda elektr tarmoqlari tortilmagan, maktab va bog‘cha qurilishi masalasida muammolar bo‘lgan.
Mahalla 2018 yilda «Obod mahalla» dasturiga tushganda odamlar o‘zlarini qiynab kelayotgan masalalar hal qilinishiga umid qilib xursand bo‘lgan. Ammo o‘sha yili dastur bo‘yicha belgilangan ishlarning choragi ham bajarilmagan. Jumladan, mahallada qurilishi belgilangan maktab qurilmagan. Ko‘chalar asfalt qilinmagan. Loy ko‘chalarga shag‘al to‘kib berilmagan. Suv tarmoqlari tortilmagan.
Shundan so‘ng, mahalla ahli turli tashkilotlarga davlat dasturida belgilangan ishlarni tugallab berishlarini so‘rab murojaat qilgan. Ularga 2018 yilda «Obod mahalla» dasturi bo‘yicha chala qolgan ishlar 2019 yilda qilib berilishi aytilgan. Ammo 2019 yilda ham hech ish qilinmagan.
Mahalla ahli chala qoldirib ketilgan ishlarni bitirib berishini so‘rab, turli mutasaddi tashkilotlar eshigida sarg‘ayib yurganda Kun.uz’ga ham murojaat qilgan va ularni qiynab kelayotgan muammolar saytda bir necha marta yoritilgan.

Jumladan, 2019 yil dekabr oyida aholi tomonidan qilingan murojaatni o‘rganish uchun borgan muxbirlar Otchopar mahallasida odamlarni qiynab kelayotgan muammolarga guvoh bo‘lgandi. O‘shanda mahallada yashovchilarning farzandlari maktab yo‘qligi uchun 3-4 kilometrgacha loy kechib, qo‘shni mahalla hududidagi maktabga qatnayotgan, ko‘chalarga esa shag‘al deb yarmidan ko‘pi tuproq bo‘lgan yer jinsi to‘kilgandi.
















