O‘zbekiston | 14:41 / 24.11.2021
2530
2 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar vaziri o‘tkazgan yig‘ilishda Qashqadaryoning ayrim hududlarida kriminogen vaziyat og‘ir ekani tanqid qilindi

Foto: IIV axborot xizmati

Qashqadaryoda ichki ishlar vaziri ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda ayrim hududlarda kriminogen vaziyat og‘ir ekani va jinoyatlar ko‘p sodir etilayotgani tanqid qilingan. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 23 noyabr kuni ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh Qashqadaryo viloyatiga yetib kelgan.

Shu kunning o‘zida vazir Qashqadaryo viloyati IIB rahbariyati, sohaviy xizmat rahbarlari va barcha tuman-shahar ichki ishlar organlari boshliqlari hamda ishchi guruh a'zolari bilan yo‘riqnomaviy yig‘ilish o‘tkazgan.

Yig‘ilishda, so‘nggi vaqtlarda Qashqadaryo viloyati miqyosida ayniqsa, Qarshi shahri, Koson, Chiroqchi, Yakkabog‘, Qamashi tumanlaridagi kriminogen vaziyat nisbatan og‘irlashib qolgani, barcha hududlardagi “qizil” mahallalarda jinoyatlar soni nisbatan ko‘p sodir etilayotgani tanqid qilingan.

Yig‘ilish davomida viloyatning har bir tuman va shaharlarida hamda kriminogen vaziyati og‘ir hisoblangan mahallalarda prezident raisligida joriy yil 12 fevralida o‘tkazilgan IIV Hay'atining kengaytirilgan majlisi davomida berilgan topshiriqlarning ijrosini o‘rganish uchun alohida mas'ullar biriktirilgan.

Qayd etilishicha, ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh Qashqadaryodagi har bir tuman va shaharlarga borib kriminogen vaziyatni o‘rganmoqda.

Аббос Салайдинов
Tayyorlagan Аббос Салайдинов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid