Bugun, 23 noyabr kuni “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda nogironligi bor shaxslarni ish bilan ta'minlash mavzusida inklyuziv biznes-forum tashkillashtirildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Forumda ma'lum qilinishicha, 2020 yilda O‘zbekistonda 781,3 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxs rasman ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 300 ming nafari ishga layoqatli. Ishga layoqatli nogironlarning faqatgina 2 foizga yaqini rasman ish bilan ta'minlangan.
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov forumda nogironligi bor shaxslar bandligi darajasi pastligi qanday sabablarga bog‘liq ekanini sanadi.
“Nogironlar o‘rtasida bandlik ko‘rsatkichi juda past. Bir tomondan qarasa, ularning ishlashi uchun davlat sezilarli harakat qilmaganday ko‘rinadi. Haqiqatan ham, biz bu borada juda ko‘p kvotalar, o‘quvlar qilyapmiz, lekin ularning ko‘pchiligi, asosan, rasmiyatchilik bilan bog‘liq.
Nogironlar bilan davlat tashkilotlari emas, balki nodavlat va xalqaro tashkilotlar ko‘proq shug‘ullanyapti. Bu bizning kamchiligimiz”, dedi vazir o‘rinbosari.
Umrzoqovga ko‘ra, jamiyatdagi stereotiplar, ishonchsizlik, ish beruvchilarning nogironlarni ishga qabul qilish bo‘yicha korporativ madaniyatga ega emasligi ham nogironlar ishga joylashishiga salbiy ta'sir qilyapti.
“Nogironlarni ishga olgan ish beruvchilarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmi mavjud emas. Shuningdek, mehnatga layoqatli nogironligi bor shaxslarning elektron reyestri ham yo‘q.
Mavjud muammolar hisobga olingan holda, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish, ijtimoiy faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror loyihasi ishlab chiqilib, ko‘rib chiqish uchun vazirliklarga yuborildi. Bu qaror nogironlar bandligini ta'minlash uchun yangi imkoniyatlar beradi”, dedi Mehnat vazirligi rasmiysi.
Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, qaror loyihasida:
- Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchiga har bir xodimi uchun 6 oy davomida BHMning 1,5 baravari miqdorida subsidiya ajratish;
- Kasb-hunar kollejlari va texnikumlarda nogironlarni kasbga o‘qitishga mo‘ljallangan qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkillashtirish;








