O‘zbekiston | 15:39 / 24.11.2021
5998
3 daqiqa o‘qiladi

Nogironligi bor shaxslarga ish berish tartibi amalda ishlashi kerak - Oybek Isoqov

Qonunchilikka asosan, 20dan ortiq xodimi bor korxonalar 3 foizli kvota asosita nogironligi bor shaxslarni ishga olishi lozim. Mehnat vazirligi buni yetarlicha nazorat qilmayapti, deydi Nogironlar assotsiatsiyasi raisi.

Foto: Rasmiy reliz

23 noyabr kuni “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda nogironligi bor shaxslarni ish bilan ta'minlash mavzusida inklyuziv biznes forum tashkil etdi.

Kun.uz muxbiri forumda O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqov bilan suhbatlashib, nogironligi bor shaxslarni ish bilan ta'minlashdagi asosiy muammolar haqida so‘radi.

“Qonunchilikka ko‘ra, agar korxonada 20dan ortiq xodim ishlasa, o‘sha korxona 3 foizli kvota asosida nogironligi bor shaxslarni ishga olmasa, u jarima to‘lashi kerak. Mana shu tartib qabul qilinganidan beri ishlamaydi.

Avvalo, bu tartib ijrosiga mas'ul Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi yetarlicha nazorat qilmayapti”, – dedi Oybek Isoqov.

Isoqovga ko‘ra, u rahbarlik qilayotgan assotsiatsiya nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga olmayotgan tashkilotlar uchun daromad solig‘i stavkasini 1 foizga ko‘tarishni taklif qilmoqda.

Assotsiatsiya raisi nogironligi bor abituriyentlarni OTMlarga qo‘shimcha 2 foizlik kvota doirasida qabul qilish boshlangani, bu ijobiy ekani, biroq ular o‘qishni bitirgandan so‘ng ishga joylashtirish bo‘yicha biror mexanizm yo‘qligini qayd etdi.

Foto: Rasmiy reliz

“Keyingi 2022 yilda qo‘shimcha kvota asosida ta'lim olgan ilk qaldirg‘och bitiruvchilar – 4 ming nafargacha talaba mehnat bozoriga kirib keladi. Davlat ularni grant asosida o‘qitdi. Biroq 4 ming nafar nogironligi bor bitiruvchi uchun ish o‘rni tayyor emas.

Nogironligi bor shaxslar uchun ish o‘rinlari yaratmagan ish beruvchilardan olingan jarima pullari nogironligi bor shaxslar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish uchun sarflanishi kerak. Aslida esa, jarima olinayotgani bo‘yicha biror ma'lumot yo‘q”, dedi assotsiatsiya raisi.

Tadbirda nogironligi bor shaxslarni daromad solig‘idan ozod qilish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilgani haqida ham ma'lumot berildi.

Mavzuga oid