Şu kunlarda Prezidentning tegişli farmonida belgilangan vazifa — lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosini, imlo qoidalarini yanada takomillaştiriş va yangi yozuvga töliq ötişni ta'minlaş masalasi böyiça sönggi bosqiçga qadam qöyildi.
Tilçilar va boşqa mutaxassislardan iborat işçi guruh öz işini yakunlab, alifboning tuzatilgan variantini taqdim etdi.
Aynan tuzatilgan variantini! Çunki joriy lotinça alifbo qator xato va noqulayliklarga ega. Lekin alifboni tuzatişga tiş-tirnoği bilan qarşi bölganlar «Alifbo özgarmoqda», «Yana yangi alifbo qabul qilinmoqda», deya söz öyini qilib, odamlarni çalğitişga, suvni loyqalatişga urinmoqda.
Aslida alifbo yangi emas, u şunçaki isloh qilindi. Undagi xatolar tuzatildi. Alifbodagi 30 ta harfdan 3 tasi (Sh, Ch, ng) juz'iy özgartirilmoqda. 2 tasi (O‘ va G‘) yozma körinişiga moslaştirilmoqda. Qolgan 25 ta harf özgarmaydi.
Keling, bugun nima uçun alifbodagi xatolarni tuzatişga ehtiyoj paydo bölgani, xatolarni tuzatiş qanday natijalarga olib kelişini gaplaşiş bilan birga, xavotirlarga sabab bölgan savollarga ham javob izlaymiz.
O‘ va G‘ muammosi
Avvalo joriy alifbodagi O‘ va G‘ harflarining bosma va yozma körinişlari farqlanadi. Yozmasida yoniga teskari birtirnoq emas, ustiga tölqinli çiziq — «tilda» qöyiladi.
O‘ va G‘ harflarini yozişda birtirnoqni töğri işlatişni hamma ham bilmaydi. Klaviaturada maşaqqat bilan, ya'ni «Alt+0145» kombinatsiyalaşgan harakatlar bilan çiqariladigan «‘» örniga juda köp örinda tutuq belgisi uçun işlatiladigan «’» simvoldan foydalaniladi. Maktab va boşqa davlat taşkilotlaridagi, köçalardagi stendlar, körgazmali qurollar, dökonlar peşlavhalarini firmalardagi dizaynerlar tayyorlab berişadi. Ularning savodi haminqadar, boz ustiga, ular ham köpçilik qatori O‘ va G‘ harflarining töğri varianti qanday yozilişini bilişmaydi. Şu sababli stendlardagi yozuvlarning 99 foizi xato.
Hattoki maktabda bolalarga dars beradigan öqituvçilar ham bugungi kunda bu simvollarning farqiga borişmaydi.
Mavzuga oid
Eng ğalati va açinarli tomoni — ana şunday qusurli harflarning biri vatanimiz nomida iştirok etmoqda — ÖZBEKISTON. Vatanimiz nomini yozişda ham köp hollarda xatoga yöl qöyilmoqda. Mana, «Özbekiston temir yöllari» AJ lokomotivlariga e'tibor bering.
Foto: Özbekiston temir yöllari
Foto: Özbekiston temir yöllari
Oddiygina töğri, töğon degan sözlarda g‘ göyoki ikki tomondan qöştirnoqqa olinganga öxşaydi. Eng yomoni, bunday simvolli harf birikmasi butun dunyodagi barça harflarni, hatto xitoyça iyerogliflarni ham bekam-u köst qamrab olgan UNICODE tizimida yöq. Tiniş belgisi bilan hosil qilinadigan bu harflar özbek tili uçungina xos, unikal holat hisoblanadi. Va bu harflar doimo ikkita simvol teriş bilan amalga oşiriladi.
O‘ va G‘ harflarida işlatiladigan teskari birtirnoqni klaviaturada çiqariş oson iş emas. Alt+0145 tugmalari yordamida yoki «o» yoki «g» harfni yozgaç, probel taşlab, «’» tugmasi bosilsa — bizga kerakli teskari birtirnoq — «‘» qöyiladi va uni qöyib olgaç, böşliqni öçirib, matn terişda davom etiş kerak.
Bunday qilişga eringanlar O‘ va G‘ harflarini aksariyat hollarda «O’» va «G’», «O`» va «G`» yoki mobil qurilmalarda «O'» va «G'» körinişida yozişadi va xatoga yöl qöyişadi.
O‘ va G‘ harflarining birtirnoq bilan yozilişi heşteglar işlatişda, zamonaviy qidiruv tizimlari, axborot resurslaridan foydalanişda, luğatlar tuzişda katta qiyinçilik keltirib çiqarmoqda. Çunki kompyuter bu harflarning notöğri şakllarini ham O‘ va G‘ sifatida qabul qilişi uçun ularning barça xato variantlarini luğatga yoki dasturga kiritib çiqiş kerak.
Tuşunyapsizmi? Bir iş 9 karra köproq bajariladi, degani bu. Hozirgi islohot tufayli harflar muayyan bir körinişga keltirilib, katta bir noqulaylik yöq qilinadi.
Xullas, O‘ va G‘ harflarining bosma şakli yozma körinişi bilan birxillaştirilayotgani lotin imlosida savodi çiqqan yoşlarimizni mutlaqo çalğitmaydi, aksinça qulaylik yaratadi. Çunki aksariyat yoşlarimiz ijtimoiy tarmoqdagi yozişmalarda allaqaçon bu simvollardan foydalanişmoqda.
Sh va Ch muammosini bartaraf etiş
Ayni paytda yoşlarimiz örtasida H (h) va X (x) ni örganişda çalkaşlik bor. Şuni vaj qilib, bu ikki harfni birlaştirib yuborişni taklif qilganlar ham böldi. Garçi, rus grafikasiga asoslangan imlodan farqli ölaroq, lotinçada bu tovuşlarga bir-biridan keskin farq qiladigan simvollar tanlangan bölsa-da, ayrim yoşlar H (h) dan Sh va Ç’ni yozişda foydalanib, qolgan örinlarda yoppasiga «X»ni işlatişmoqda. Ya'ni h’ning vazifasi faqat C va S harflariga «şerik» böliş deb tuşunmoqda köpçilik.
Yana bir yoşlar guruhi ijtimoiy tarmoqlarda «Sh»ni yozişda «W»dan, «O‘»ni yozişda «6»dan, «Ch»ni yozişda «4»dan foydalanmoqda. Çunki qöşharf (digraf)lardan foydalaniş ortiqça vaqtni oladi. Yoşlarimiz bu harflarni yozişda bitta simvoldan foydalanişni istaşadi va özlari allaqaçon bu borada «ixtiro» qilib bölişgan. Ularga mantiqan töğri va yaxşiroq variantni taqdim etişimiz lozim.
Tilimizda boşqa turkiy tillarga nisbatan «Sh» va «Ch» tovuşlari öta faol. Bu tovuşlarning «Ş» va «Ç» körinişida tasvirlanişi matnning, demakkim, vaqt va xarajatning ham ançagina qisqarişiga olib keladi. Bunday tejamkorlik örtaça bir kitobda ançagina sahifani taşkil qiladi.
Keling, isbot tariqasida yuqoridagi xatboşini yangi imloda yozib köramiz:
Tilimizda boşqa turkiy tillarga nisbatan «Ş» va «Ç» tovuşlari õta faol. Bu tovuşlarniñ «Ş» va «Ç» kõrinişida tasvirlanişi matnniñ, demakkim, vaqt va xarajatniñ ham ançagina qisqarişiga ham olib keladi. Bunday tejamkorlik õrtaça bir kitobda ançagina sahifani taşkil qiladi.
Ñ harfini özgartirişga zarurat bormidi?
Albatta, bor. «Ng» tovuşi tilimizda mavjud, 1-sinfda alifbo darsidayam örgatiladi. Lekin bolalar katta bölgan sayin uning işlatiliş örnini unutib borişadi. Çunki bu tovuş yaxlit harfda ifodalanmagani uçun Ng harf birikmasini n+g harflari ketma-ket işlatilgan örinlardan farqlay olişmaydi.
NG tovuşi tilimizda ança faol, köp işlatiladi. Keling, davlat madhiyamizdagi «ñ» va «n+g» keladigan farqli örinlarga e'tibor qaratamiz:
Köp lahjalarimizda ikkinçi şaxs köplikda murojaat qilişda «ng» tovuşi sözlaşuvda «Y» tovuşiga aylanib ketadi.
SochiNGiz — sochiyz
ishiNGiz — ishiyz
qiliğiNGiz — qiliğiyz
SiNGlim — siynim
Ñ harfining joriy etilişi öşa sözlar yozilişini vizual jihatdan ham sözlaşuvga qariyb yaqinlaştiradi:
Soçiñiz — soçiyz
işiñiz — işiyz
qiliğiñiz — qiliğiyz
Siñlim — siynim
Bir qaraganda hozir, «Ş», «Ç» va «Ñ» harflarini özgartirmasdan, şunçaki «Õ» va «Ğ»ning özini özgartirsa ham böladigandek. Lekin bu holda qaçonlardir baribir «Sh», «Ch» va «ng» harflari ham albatta özgartirilardi. Yana ovoragarçilik, sarf-xarajat, eng yomoni vaqtdan yutqaziş böladi. Şuning uçun olimlarimiz hozirning özida barça muammoli harflarni özgartiriş lozim, deb topişdi. Çunki hadeb imlo özgartiraveriş ham yaramaydi. Biratöla yaxşiroği va qulayroğini joriy qiliş kerak.
Rus grafikasiga asoslangan imloning joriy lotinça imlomiz oldidagi birdan bir yutuği ham «bir tovuş — bir harf» prinsipida işlaşidir. Lekin lotinça imlo matnda kirillçaga nisbatan 15 foiz kamroq joy olişi bu köz yumib bölmas fakt. Lotinça imlomizdagi nuqsonlar bartaraf etilsa, bu farq yana 5 foizga oşişi turgan gap.
Alifboni isloh qilayotgan faqat biz emasmiz
Imloga tuzatiş kiritiş öta şarmandali holat emas. Masalan, ruslarning alifbosi ham 1917 yilgi oktyabr — davlat töntarişidan söng özgartirilgan. «i», «yat'» kabi harflardan voz keçilgan.
Mustaqillik yillarida biz qatori lotinça imloni joriy etgan Ozarboyjon ham, Turkmaniston ham ayrim harflarni özgartirib, alifbosiga tuzatiş kiritib olişgan.
Lotinça imloga ötişga hozirlik körayotgan qöşnimiz Qozoğiston esa sönggi beş yil içida tört marta rasmiy alifbo qabul qildi. Bizdek apostrof qöyib kördi, digraflar joriy qilişdi. Heç biri özini oqlamagaç, «Ä», «Ğ», «Ö», «Ş», «Ü», «Ū» va «Ñ» harflari bölgan, «bir tovuşga — bir harf» variantida töxtalişdi.
Hozir biz rus grafikasiga asoslangan özbek alifbosidan voz keçib, lotin alifbosiga töliq ötişimiz kerakmi, demak, uni mukammal körinişga keltirib olişimiz şart. Toki uni barça jabhalarda işlatişda qiyinçilik vujudga kelmasin. Axir, katta safarga çiqişdan oldin maşinamizning ham nosozliklarini tuzatamiz-ku!
Joriy alifbomiz aynan harf terişda va öqişda noqulayligi, sözni bexato yozib bölmasligi tufayli depsinib, «yurib ketolmay» turibdi.
Odamlarning hadigi nimada?
Ba'zilar, alifbo almaşsa, davlat zimmasiga milliardlab xarajatlar tuşişi haqida gapirmoqda. Erinmaganlar barça diplom, pasport, tuğilganlik va ölganlik haqidagi guvohnomalar almaşadi va bunga falon pul ketadi, deb jar solişmoqda.
Bu endi bekor gap. Heç kim tuzatilgan alifbo qabul qilingan zahoti barça hujjatlar özgartirilsin, degan talabni qöyayotgani yöq. Eski hujjatlar muddati va vaqt-soatiga qarab özgartirilaveradi. Yangi qabul qilinayotgan hujjatlar esa tuzatilgan alifboda çop etilaveradi. Tegişli reja, yöl xaritasiga muvofiq, işonavering, hammasi silliq va oğriqlarsiz böladi.
Qolaversa, hozir ham özimiz SSSR vaqtida berilgan, rus yozuvida töldirilgan diplom-u guvohnomalardan foydalanib yuribmiz-ku? Heç kim bizni almaştirişga majburlagani yöq-ku?
Ayrimlar darsliklarni gapirmoqda. Şundoq ham darsliklar har uç yilda yangilanadi, har yili qayta çop etiladi. Sekin-astalik bilan, 7–8 yilda barça darsliklar tuzatilgan alifboda böladi.
Kitoblarni esa öqiyman degan kitobxon avvalgi imloda bölsa ham öqiyveradi. Alifbodagi 25 ta harf özgarmayapti. Hozir yoşlarimiz mutlaqo boşqa imlo — kirillçadagi eski kitoblarni ham bemalol öqişmoqda-ku. Nahotki, ular 85 foizi bir xil bölgan lotinçani öqişda çalkaşişsa?
Yana kimdir yozuvdagi yangilangan harflar xorijlik sayyohlarga çalkaşlik keltiradi, degan «yemagan» va kulgili vajlarni keltirmoqda. Birinçidan, alifbo — yurtimizga uç kunga kelib ketadigan xorijliklar uçun emas, şu zaminda abadiy yaşovçi özbeklar uçun. Hozirgi alifboda yozilgan SEX va GÖŞT xorijliklarni köproq kuldirmoqda.
Qolaversa, barça ziyoratgohlarda WTO talabiga köra ingliz va rus tillarida körsatkiçlar qöyilgan, ziyoratgohlarga kiraverişda yozuvlar takrorlangan. Butun dunyodan sayyohlar yopirilib boradigan Turkiyada çalkaşmagan xorijlik sayyohlar kelib-kelib bizda çalkaşadimi?
Darvoqe, bu alifboni Turkiyadan köçirma, deyayotganlar ham bor. Birinçidan, bu kabi alifbodan 1940 yilgaça özbek xalqi foydalangan. Arab imlosidan keyin aynan şunga yaqin alifboni Abdulla Qodiriy, Çölpon bobolarimiz işlatişgan. Hozir moziyga qarab iş körilyapti. Bu esa xayrli amal.
Avvalo, Vatan taraqqiyoti, jumladan, millat savodxonligi, imlomiz mukammalligi uçun jon kuydirib, alaloqibat «xalq duşmani» deya qatl etilgan Abdurauf Fitrat, Elbek, Botu singari ma'rifatparvar bobolarimizning qutluğ xotirasi uçun milliy alifbomizni tuzatib, tezroq joriy qilişimiz kerak.
Foto: Wikimedia Commons
Alifbodagi tuzatişlarga qarşilar 1940 yilda siyosiy bosim bilan joriy etilgan rus grafikasiga asoslangan özbek alifbosi tarafdorlaridek tutişmoqda özlarini. Göyo lotin alifbosi heç qaçon tökis holga kelmasin-u, biz bemalol rus grafikasi bazasidagi alifbodan foydalanib yuraveraylik, deyayotgandek.
Foto: Wikimedia Commons
«Çumçuq söysa ham qassob söysin»
Alifbo — tor doiradagi mutaxassislar körib çiqadigan ilmiy masala. Xuddi iqtisod, meditsina faniga taalluqli masalalar kabi. Keng jamoatçilikning jöyali fikri ham hisobga olinişi kerak, albatta. Yozuvda muttasil muammo tuğdirayotgan xatolardan voz keçiş fursati allaqaçon pişib yetilgani rad etib bölmas haqiqat. Ularning oğriği va davosini boşqalardan köra mutaxassislar yaxşiroq bilişadi.
Inkor etmaslik kerak, alifbodagi xatolarga tuzatiş kiritilsa, ma'lum muddat davomida qöşimça xarajatlar talab qilişi mumkin. Lekin bu xatolar zudlik bilan tuzatilmasa va alifbo şu holiça qolsa — doimiy va muttasil xarajatlarga sabab bölaveradi. Xatolar avj olaveradi va blank, stend, peşlavha va boşqa bitiklardagi xatolarni töğrilaş uçun qöşimça xarajatlar talab qilinaveradi.
Buni töğri anglagan holda, joriy lotinça imlomizdagi xatolarni bartaraf etiş yölida amalga oşirilayotgan sa'y-harakatlarni olqişlaşimiz kerak. Men jurnalist va blogerlardan bu xayrli işning mohiyatini tarğib qilişni iltimos qilib qolaman. Deputatlarimizdan esa qonun loyihasini tasdiqlaşni sörab qolaman.
Zero, davlatimiz rahbari bundan ikki yil oldin – özbek tiliga davlat tili maqomi berilganining öttiz yilligiga bağişlangan tantanali tadbirda lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosini takomillaştiriş masalasini bejiz alohida ta'kidlamagan edi.
«...Darsliklar, qiyosiy va turli sohalarga oid luğatlar, iş yuritiş va sözlaşuv qöllanmalari naşr etiş, lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosini takomillaştiriş, bu tizimga töliq ötiş böyiça hali köp iş qilişimiz kerak», — degan edi prezident.
Ötgan davr mobaynida bu borada salmoqli iş amalga oşirildi. Bugun hukumat barça jabhalarda lotin imlosiga asoslangan alifboga töliq ötişni möljallamoqda. Töliq lotinçaga ötiş uçun esa, avval uni tuzatib, nuqsonlardan xoli qilişimiz şart.